Konstitutsiyaviy komissiyaga Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlar yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.
10 sentabr kuni konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda dastlab “Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda uni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Bu umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish haqidagi qaror maqsadga muvofiq bo‘lganini isbotladi.
Fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar orasida soliqqa tortish adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, mehnat huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi, davlat organlari faoliyati ochiq bo‘lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, yoshlar masalasi davlat siyosati eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga aralashmaslik, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. E’tirozlarga sabab bo‘lgan ayrim normalar loyihadan chiqarib tashlandi.
Jarayonga xorijdagi o‘zbekistonliklar ham befarq bo‘lishmadi. Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlar yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.
Yig‘ilishda konstitutsiyaviy qonun loyihasi shu kunga qadar 8 ta milliy ekspertizadan o‘tkazilgani, shuningdek, Toshkentda BMT, YUNISEF (BMT Bolalar fondi), YeXHT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) kabi tashkilotlar vakillari bilan 3 ta xalqaro jamoatchilik maslahatlashuvi tashkil etilgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda konstitutsiyaviy qonun loyihasi davlat tilidagi matni tahririni tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Loyihada adabiy til qoidalari va normalari talablariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya qilingan.
Bildirilishicha, qonun loyihasi matni tayyor bo‘lishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritiladi. Deputatlar fikrlari e’tiborga olingan holda keyinchalik tayyor bo‘ladigan konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.
- Qo'shildi: 12.09.2022
- Ko'rishlar: 4896
- Chop etish