O‘ZBEKISTONNING SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTIDAGI MUVAFFAQIYATLI RAISLIGI - BU, BIRINCHI NAVBATDA, MAMLAKAT YETAKCHISINING SIYOSIY IRODASI TUFAYLIDIR
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bir kun oldin milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bogliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasi xalqaro ijtimoiy-siyosiy doiralar va ekspertlar hamjamiyatida katta aks sado berdi.
Maqolaning xorijda keng tarkatilayotganining o‘zi dunyoda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli tobora ortib borayotgani, shuningdek, O‘zbekistonning faol tashqi siyosatiga katta e’tibor berilayotganidan dalolat.
Maqolada ShHTning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammiti, uning mamlakatimiz, mintaqa va umuman, zamonaviy dunyo uchun ahamiyati, O‘zbekistonning ShHT ishtirokchisi va amaldagi raisi sifatidagi ustuvor yo‘nalishlari hamda zamonaviy xalqaro siyosatning boshqa jihatlari haqidagi muhim savollarga javoblar o‘z ifodasini topgan.
Birgina 12 sentyabrning o‘zida ushbu maqola dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridagi o‘nlab yetakchi bosma va elektron nashrlar sahifalarida ingliz, arab, bolgar, ispan, xitoy, nemis, rus, turk, fransuz va boshqa tillarda chop etildi. Ular orasida Quvaytning “Al-Anba”, “Tayms Kuveyt”, “Al-Nahar” gazetalari, mashhur “Q8 Press” elektron nashri, Eronning “Iran News” va “Iran Daily” gazetalari, Birlashgan Arab Amirliklarining “AlBayan” elektron nashri, Misrning “Sada al Balad” axborot agentligi, “Misr al Balad” va “Sout el Shaab” gazetalari, O‘monning “Asdaa Oman” gazetasi, Pokistonda nashr etiladigan “Islamabad Post”, “National Herald Tribune” gazetalari hamda “Diplomatic Insight”, “Daily Spokesman”, “Centreline”, “Pakistan in the world”, “The Gulf Observer” va “Global News Pakistan” axborot agentliklari bor.
Mazkur maqola qo‘shni mamlakatlarda va umuman, MDH makonida ham keng miqyosda chop etildi. Masalan, Qozog‘istonning yetakchi “Казахстанская правда” gazetasi veb- sahifasi, “Infozakon”, “Kzaif.kz” va “Человек и Закон” singari nufuzli axborot-tahlil nashrlari, Turkmanistonning “Нейтралный Туркменистан” hukumatga qarashli gazetasi, Qirgizistonning yetakchi “Kabar” davlat axborot agentligi, Tojikistonning “Xalq gazetasi” va “Avesta” axborot agentligi, Rossiyaning “Независимая газета”, Belarusning “Звезда” nashri, Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi, “Turkic World”, “News Day”, “News Milli”, “Minval” va “Musavat” veb-saytlari va boshqa ko‘plab ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.
Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Hindiston va Indoneziyadagi yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham davlatimiz rahbari tomonidan yozilgan ushbu maqolaning to‘liq matni chop etildi.
O‘zbekiston Prezidentining Yevropaning qator ommaviy axborot vositalarida Samarqand sammitiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilinishining o‘zi ham bo‘lajak tadbirga ShHT oilasi tarkibiga kirmaydigan Yevropa mamlakatlarida qiziqish yuqori ekanligidan dalolat beradi.
O‘z sahifalarida konseptual maqolani chop etgan Fransiyaning mashhur “Le Spectacle du monde” jurnali va “L’Opinion” nashri, Yevropaning “Diplomat Magazine” va “EU Reporter”, “bne Intellinews” nashrlari, Italiyaning “Il Gornale” jurnali hamda “Bryussel — O‘zbekiston” do‘stlik guruhi, shuningdek, “Diplomatic World Institute”, ispan tilidagi xalqaro onlayn nashrlar — “El Mundo Financiero” va “El Periodico de Aqui” va boshqa OAV bor.
Davlatimiz rahbarining maqolasi xalqaro tashkilotlar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otgani holda Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashtirilgan nashri — “OIC Today” jurnali hamda IHT Axborot agentliklari ittifoqining veb-saytida ham e’lon qilindi.
Nufuzli xalqaro ekspertlar davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan masalalarning dolzarbligi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi, xususan, ShHT platformasidagi tashabbuslari haqida ham o‘z fikrlarini bayon etdilar.
Den XAO,
Xitoyning ShHT tadqiqot markazi Bosh kotibi:
— ShHT sammiti arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qalamiga mansub maqolaning chop etilgani O‘zbekiston yetakchisining Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishini qadimiy Samarqand shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Maqolada ShHT sammiti arafasidagi tarixiy haqiqat va xalqaro vaziyat qayd etilgan. Qurolli mojarolar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash, jahon iqtisodiyotini avvalgi rivojlanish yo‘nalishiga qaytarish va global ta’minot zanjirlarini tiklash zarurligi, umumbashariy iqlim o‘zgarishlariga zarur munosabatni bildirish lozimligi ta’kidlangan.
Shu nuqtai nazardan, maqolada tafovutlarni bartaraf etish va o‘zaro tushunishni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashuvlarni rag‘batlantirishda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tutadigan muhim o‘rin ta’kidlangan.
Xitoy ekspert doiralari vakillari O‘zbekistonning ShHTni rivojlantirishga doir konstruktiv yondashuvlari va qarashlari, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik singari masalalardagi nuqtai nazariga ko‘shilishadi.
O‘zbekiston ShHT asoschilaridan biri sifatida tashkilot rivojiga muhim hissa qo‘shdi. Maqoladan olingan ushbu iqtibos juda muhim — “Tarixan qisqa davrda ShHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin”. Bu satrlar muallifning ShHTni yanada institutsional rivojlantirishning muximligi haqidagi chuqur qarashlarini ifodalaydi.
O‘zbekistonning muvaffaqiyatli raisligi, birinchi navbatda, mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi tufaylidir. Natijada, maqolada ta’kidlanganidek, yil davomida o‘tkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida ShHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo‘llari va nuqtalarini izlash kabi ko‘plab muhim masalalar qamrab olindi.
O‘zbekiston Prezidenti jahon hamjamiyatiga faol va ochiq tashqi siyosat kursining bundan keyin davom etishini, biz, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlarining yaqinlashuvi misolida ko‘rib turganimizdek, barchasi muvaffaqiyatli va samarador bo‘lishiga ishora qilmoqda.
ShHTning Samarqand sammiti natijalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi, mintaqa va dunyodagi vaziyatga ijobiy o‘zgarishlar olib kelishi, shubhasizdir.
Yanush PEXOChINSKIY,
Polsha — Osiyo Savdo-sanoat palatasi prezidenti, Polsha Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari va Polsha iqtisodiyot vaziri:
— O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanddagi sammiti juda murakkab paytda bo‘lib o‘tadi. Bir tomondan, eski va rivojlanayotgan geosiyosiy va shu boisdan geoiqtisodiy tizimning qarama-qarshiligi sharoitida yetakchi kuchlarning jahon taraqqiyotidagi o‘rni va roli qayta formatlanmoqda. Boshqa tomondan esa, dunyo pandemiya cheklovlaridan charchagan va uch yildan buyon mamlakatlarning bir-biriga bo‘lgan ishonchini tiklaydigan va belgilangan xalqaro huquq tizimining qulashiga yo‘l qo‘ymaydigan har qanday muhim, ijobiy global o‘zgarishlarni kutmoqda.
Shunday sharoitda ShHT o‘z maqsad va vazifalari nuqtai nazaridan, bashorat qilinadigan va pragmatik munosabatlar tizimida tobora faol, shuningdek, mintaqaviy va submintaqaviy miqyosdagi qarorlarini shakllantirish va amalga oshirishga qodir nufuzli tashkilotga aylanmoqda.
Shu ma’noda aytish mumkinki, ShHT ushbu tashkilotni barqaror va istiqbolli qiladigan konsolidatsiyalashgan nuqtai nazar va kun tartibiga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z maqolasida ta’kidlaganidek, “ShHTga a’zo barcha davlatlar bizning eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik sheriklarimizdir”.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning obro‘si nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda o‘sib bormoqda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tashqi siyosatini o‘zgartirishdagi roli to‘la e’tirof qilingan, zero, mamlakat yangi, faol va harakatchan qiyofa kasb etgan. Bu O‘zbekistonning ko‘p tomonlama hamkorlik institutlari, xususan, ShHT doirasidagi o‘rniga ham daxldordir.
Maqolada O‘zbekiston rahbari qayd etganidek, bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li — konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir.
Samarqand sammiti endi boshlanmoqda, ammo u ShHT tarixida qoladi va O‘zbekistonning yirik siyosiy muvaffaqiyatiga aylanadi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin.
Mexmet Seyfettin EROL,
Anqara Inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori:
— Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilish va O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ushbu tuzilma doirasida ilgari surilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi, haqiqatan ham, jahon miqyosida ishonch va geosiyosiy qarama-qarshiliklar inqirozi kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda ShHTning nufuzi va mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi.
Maqolada aynan shu masalalarga, shuningdek, global tendensiyalarni chuqur tahlil qilishga, yangi muammolar va imkoniyatlar bilan o‘zaro bog‘liq dunyoda ShHTning xalqaro muammolar spiralidagi rolini baholashga katta e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston rahbari “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT kuchli bo‘ladi” degan shiorni e’lon qilgani holda respublikaning tashkilotga raisligi mohiyatini ochib bergan. ShHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi ham asosli ravishda qayd etilgan.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonning ShHTga raisligi davri yuksak saviyada o‘tdi va “Samarqand ruhi” hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlikning timsoli sifatida tashkilotning butun mintaqa manfaati yo‘lida eng jadal va samarali rivojlanishiga xizmat qiladi.
«Dunyo» AA.
- Qo'shildi: 13.09.2022
- Ko'rishlar: 5187
- Chop etish