SHHT SAMMITI VA UNING DOIRASIDAGI TADBIRLAR XALQARO EKSPERTLAR HAMJAMIYATI VA XORIJIY OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI NIGOHIDA
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasi xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy va ekspert doiralari vakillari va chet el ommaviy axborot vositalari tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Xususan, ushbu muhim mavzuni qamrab olgan maqola “The Korea Times” gazetasi (Janubiy Koreya), “Ro‘z Al-Yusuf” gazetasi va “Diplomacy” jurnali (Misr), “Oroszhirek.hu” va “hirado.hu” elektron nashrlari (Vengriya), “Kurier” va “Orf.at” (Avstriya), “cas.sk” axborot portali (Slovakiya) va ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari sahifalarida e’lon qilindi.
Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri “The Korea Times” gazetasi maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Shanxay hamkorlik tashkilotining zamonaviy dunyodagi ahamiyati, tashkilot ko‘zlagan maqsadlar va istiqbollar haqidagi qarashlari, fikr va baholari o‘zining yaqqol ifodasini topganini qayd etgan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari maqolasi Misr ommaviy axborot vositalarida ham katta qiziqish uyg‘otib, mamlakatning 15 dan ortiq ommabop gazeta va onlayn nashrlarida e’lon qilindi.
Maqola “ShHT oilasi” davlatlari, Osiyo, Amerika, Yevropa va Afrika mamlakatlarida arab, ingliz, fransuz, italyan, nemis, rus, xitoy, venger va boshqa tillarda chop etildi.
Yuqoridagilar bilan birga, davlatimiz rahbarining Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitiga bag‘ishlangan dasturiy ahamiyatga ega ushbu maqolasi xorijiy davlatlarning siyosiy, ilmiy-akademik va ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Mahmud ul-HASAN XON,
Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi ijrochi direktori (Pokiston):
— 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samar- qand shahrida ShHT davlat rahbarlari kengashining 2022 yilgi sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston 2001 yil 15 iyun kuni tashkil etilgan ShHTning ta’sischilaridan biri bo‘lib, uning tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
2017-2021 yillar davrida O‘zbekiston Prezidenti siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport logistikasi, innovatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan 45 ta muhim tashabbus bilan chiqdi. Ushbu takliflar ShHT sammitlari kun tartibiga kiritildi. Ulardan 22 tasi to‘liq amalga oshirilgan, 23 tasi ro‘yobga chiqarilish jarayonida.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkentda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tashkil etilgani tahsinga sazovordir.
O‘zbekiston ShHTga amaldagi raisligi davrida 80 ga yaqin muhim tadbir o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bir yil ichida ShHTning 37 ta hujjatini uyg‘unlashtirish jarayonini boshlab berdi, muvofiqlashtirdi va yakunladi. Bundan tashqari, ushbu hujjatlarning 30 tasi O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoev ShHTning konseptual, umumqamrovli va strategik ahamiyatini yanada oshirish hamda integratsiyalash bo‘yicha yaxlit, to‘liq siyosatni qabul qildi. Shu tariqa ShHTda o‘zaro hamkorlik sohalarining institutsional kengayishi yanada takomillashtirildi, tizimlashtirildi va mustahkamlandi.
O‘zbekiston raisligida Transport aloqalari strategiyasi, Hududlararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi yangi innovatsion g‘oyalar va hujjatlari taqdim etildi, “ ShHTning yaxshi niyat elchisi” instituti tashkil qilindi. Shuningdek, Iqtisodiyot forumi, ShHT sanoat innovatsiyalari haftaligi, Hududlar rahbarlari forumi, Sanoat kooperatsiyasi forumi, “Quyoshli O‘zbekiston” meva-sabzavot mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi va bular ShHTning samaradorligini yanada kengaytirdi.
ShHT davlatlarining umumiy aholisi deyarli 3,5 milliard kishini, dunyo ahlining taxminan yarmini tashkil qiladi. A’zo davlatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi, bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘idir. Demak, ShHT kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik va mintaqaviy aloqalarni kengaytirish kalitiga ega, bunda O‘zbekiston bog‘lovchi markaz bo‘lib muhim rol o‘ynamoqda.
Mahdi ZABAL,
Misr — O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi:
— ShHTning Samarqand sammiti arafasida O‘zbekiston rahbari tomonidan butun dunyo jamoatchiligi e’tiboriga havola qilingan ushbu maqolada keng qamrovli va har jihatdan dolzarb masalalar yuzasidan muhim fikr-mulohazalar taqdim etilgan. Unda, xususan, Shanxay hamkorlik tashkilotining blok emasligi, aksincha, boshqa ishonchli hamrohlar bilan sheriklik olib borishga tayyor xalqaro birlashma ekani alohida qayd etilgan. Darhaqiqat, ushbu omillar tufayli mazkur tuzilmaning nufuzi tobora yuksalib bormoqda: qator arab davlatlari, jumladan, Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, BAA hamda Arab davlatlari uyushmasi ShHTga katta qiziqish bildirmoqda.
Samarqanddagi tadbir, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning do‘stlik va ochiqlikka asoslangan proaktiv tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo‘lishiga ishonaman.
O‘zbekiston qisqa vaqt ichida butun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mustahkam ishonch o‘rnatish, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar orqali Janubiy Osiyo bilan tarixiy rishtalarni tiklashga erishayotgan bo‘lsa, o‘z raisligi davrida dunyo aholisining deyarli yarmini birlashtirib turuvchi tashkilot nufuzi oshishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Mazkur maqola ham O‘zbekiston rahbarining ushbu ezgu maqsad yo‘lidagi intilishlarini o‘zida yaqqol aks ettirgan.
Kanada parlamenti Jamoalar palatasidagi Kanada — O‘zbekiston do‘stlik guruhi raisi, Albert provinsiyasidan Kanada parlamenti a’zosi Ziyod Abuoltaif ShHTning yirik mintaqaviy tashkilot sifatida shakllanishida O‘zbekistonning rolini alohida ta’kidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA agentligi mamlakatimiz elchixonasi ma’lumotlariga tayangan holda.
Ziyod ABUOLTAIF,
Kanada — O‘zbekiston do‘stlik guruhi raisi:
— ShHTning yirik xalqaro tuzilma sifatida shakllanishida O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatning mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ijtimoiy muammolarni ilgari surish singari masalalarda tashabbuskorlik nuqtai nazaridan yetakchilik o‘rni hammaga yaxshi ma’lum.
ShHTning bu va boshqa masalalar yuzasidan yo‘nalishi belgilanishida O‘zbekistonning ta’siri tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan ijobiy bahosini oldi. ShHT rahbarlari uch yil ichida birinchi marotaba yuzma-yuz uchrashmoqda. Ishonchim komilki, Samarqandda samarali muhokamalar bo‘lib o‘tadi va ular O‘zbekistonga, mintaqaga hamda dunyoga naf keltiradi.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 16.09.2022
- Ko'rishlar: 5231
- Chop etish