2022 yil 6 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” loyihasi rahbari J. Merfi bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston bilan Yevropa parlamenti hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo va hamkor mamlakatlar milliy parlamentlarining salohiyatini mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Inter Pares” loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Jumladan, yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, mazkur loyiha doirasida mamlakatimiz konstitutsiyasini Yevropa Ittifoqiga a’zo va hamkor mamlakatlar milliy parlamentlariga tanishtirish, qonun ijodkorligi sohasida ikki va ko‘p tomonlama o‘zaro axborot almashinuvini faollashtirish, inson huquqlari va gender tenglik masalalarini keng yoritish, mamlakatimizda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni xorijiy tillarga yuridik tarjima qilish hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning konstitutsiyasini o‘zbek tiliga tarjima qilish va uni ommalashtirish kabi yo‘nalishlar loyiha komponenti sifatida amalga oshirilishi haqida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, J. Merfi Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki jahon maydonida sezilarli darajada yuksalayotganligini mamnuniyat bilan e’tirof etib, ushbu loyiha doirasidagi hamkorlik mamlakatimiz parlamentining Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar parlamentlari bilan o‘zaro aloqalarini yanada faollashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 07.10.2022
- Ko'rishlar: 5413
- Chop etish