Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 145-sessiyasida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ishtirok etmoqda

2022 yil 11 oktyabr kuni Ruanda Respublikasining poytaxti Kigali shaxrida Parlamentlararo Ittifoq (PI) Assambleyasining 145-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

 

Assambleyada 110 ta davlatdan mingdan ortiq milliy parlament a’zolari, 45 nafar parlament Spikeri qatnashmoqda. Sessiyaning tantanali ochilish marosimida Ruanda Respublikasi Prezidenti Paul Kagame ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini qutladi.

 

Kun tartibida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi harakatlanuvchi kuch sifatida gender tengligi va gender masalalarini inobatga oladigan parlamentlarning rolini yanada oshirish mavzusi bilan bir qatorda bugun dunyoda vujudga kelgan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik muammolar xususida muhokama o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, Assambleya yakunida PIning “Demokratiya va inson xuquqlarini himoya qilish” byurosi tomonidan taklif etilayotgan “Xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga parlamentning ta’siri hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga chek qo‘yish” mavzusida rezolyusiya qabul qilinishi kutilmoqda.

 

Ma’lumot uchun: Parlamentlararo Ittifoq 1889 yilda tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda unga 179 ta mamlakat parlamenti a’zo. O‘zbekiston 2017 yil oktyabr oyida Parlamentlararo Ittifoqqa a’zoligini tiklagan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonuchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov 2020 yildan buyon Parlamentlararo Ittifoqning Vitse-prezidenti hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ikki nafar deputati — N.Tilavoldiev va M. Baratovalar PIning tegishli qo‘mita a’zolaridir.

 

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech