Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK)ning oltinchi sammitida davlatimiz rahbari tomonidan mintaqa xavfsizligi, yosh avlodni radikalizmdan asrash, transport-logistika, raqamlashtirish, innovatsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya va iqlim o‘zgarishiga oid qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Prezidentimiz bildirgan takliflar keng jamoatchilik, xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan e’tirof etilib, qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Xose Luis BARSELO, «El Mundo Financiero» internet-nashri bosh muharriri (Ispaniya):
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan muloqot qilish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara guruhini tuzish tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilish bo‘yicha da’vati bugungi kunda dunyoda kechayotgan voqealar asnosida dolzarb zaruratdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi vaziyatga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratish uchun har bir xalqaro platformadan samarali foydalanayotganini e’tirof etish zarur. Bu dolzarb masala dunyoda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar sharoitida «parda ortida» qolmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan hamkorlikda umumiy va kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqish zarurligi xusksidagi fikrini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
O‘zbekiston yetakchisining navqiron avlodni radikalizmdan asrash, yoshlarning kuch-g‘ayrati va ishtiyoqini bunyodkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yishga chaqirig‘i alohida e’tiborga loyiq. Ta’kidlashni istardimki, radikalizm kuchayishi xavfli tendensiya. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning ayni tashabbusi juda dolzarb, deb hisoblayman.
Biz O‘zbekiston Prezidentining mazkur (Ostona – tahririyat) sammitlardagi ma’ruzalariga bag‘ishlangan batafsil tahliliy maqola tayyorlayapmiz. Ushbu tahliliy material yaqin kunlarda «El Mundo Financiero» internet-nashri orqali o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etiladi.
Tazin AZTAR, «Pakistan in the world» gazetasi bosh muharriri:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida OHICHK sammitida ishtirok etgan barcha davlat rahbarlari e’tiborini mojarolar, qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa muammolarni bartaraf etish bo‘yicha olti ustuvor yo‘nalishga qaratdi. Amaliy «yo‘l xaritasi»ni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari doimo mintaqalarni har tomonlama rivojlantirish va obodonlashtirishning faol tarafdori bo‘lib kelgan. Ostona sammitida ham xalqaro ko‘lamda hal qilinishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni o‘rtaga tashladi. bugungi kunda muloqot va ishonchning kamligi, xalqaro munosabatlardagi mavhumlik kuchayib borayotgani umumiy farovonlik uchun zarur bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi rishtalar, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston muntazam ravishda mintaqalarda tinchlik, o‘zaro hamkorlikni targ‘ib qilib keladi. Bir oy muqaddam mamlakat Prezidenti Samarqandda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarini qabul qilib, xavfsizlik va farovonlik borasidagi umumiy manfaatlar muhokamasiga alohida urg‘u bergan edi.
Mahmud ul-Hasan XON, Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi ijrochi direktori:
– O‘zbekiston rahbari OHICHBning Osiyoda xavfsizlik, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha keng hamda ochiq muloqot uchun strategik ahamiyatini yana bir bor ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev OHICHK erishgan yutuqlarni qayd etib, mazkur formatni yanada mustahkamlash bo‘yicha sermazmun takliflarni ilgari surdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida xalqaro munosabatlarda ishonchli ko‘p tomonlama hamkorlik, nizolarni hal etish, diplomatiya, muloqot va rivojlanish muhimligini, hozirgi geosiyosiy voqelik butun Osiyo mintaqasi barqarorligi uchun xavfli ekanini ta’kidladi. Bu Prezidentning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish orqali mintaqaviy va transmintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyaga erishish bilan bog‘liq strategik qarashlarini yaqqol aks ettirmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidentining Afg‘onistonda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish orqali umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlash taklifini olqishlaymiz. Uning turli yoshdagi kishilar o‘rtasida bir-birini tushunishni yaxshilash, yoshlarning eng dolzarb muammolari yechimini birgalikda izlashga qaratilgan «Avlodlar muloqoti»ni shakllantirish taklifi juda dolzarb.
Ilgar Valizoda, Janubiy Kavkaz siyosatshunoslar klubi rahbari (Ozarbayjon):
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning OHICHK sammitidagi nutqi O‘zbekiston rahbariyatining Osiyoda va butun dunyoda tinchlik, barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosiy kursi izchilligiga yana bir dalil. Davlat rahbarining «Avlodlar muloqoti»ni o‘rnatish tashabbusi Toshkentning uzluksizlikka asoslangan uzoq muddatli xalqaro munosabatlar tizimini barpo etish kayfiyatini mukammal aks ettiradi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirish, yoshlarning asosiy muammolarini hal etish, birinchi navbatda, ularning bandligini ta’minlash, bilim va intellektual saviyasini yuksaltirish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Ijtimoiy omillar ta’sirida yoshlar o‘rtasida radikalizm kuchayib borayotgan bir paytda, buzg‘unchi tashkilotlar faollashuvi bilan yuzma-yuz kelayotgan OHICHKga a’zo qator davlatlarda bu ijobiy tajriba o‘z samarasini beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston rahbari taklif qilgan barqaror rivojlanishga erishish va aqlli iqtisodiyotni rag‘batlantirish chora-tadbirlari, haqiqatan, oldinga tashlangan qadam. Birgalikda oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, mintaqalararo savdoni rag‘batlantirish, iqtisodiyot va jamiyatlarni yanada integratsiyalashuvi bo‘yicha hamkorlik hozirgi zamonda juda dolzarb.
O‘zA
- Qo'shildi: 17.10.2022
- Ko'rishlar: 5239
- Chop etish