XALQARO ALOQALAR YANADA RIVOJLANADI

Shu yilning 11 — 15 oktyabr kunlari Ruanda Respublikasining poytaxti Kigali shaxrida Parlamentlararo Ittifoq, (PI) Assambleyasining 145-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi qatnashdi. Assambleyada 110 ta davlatdan mingdan ortiq milliy parlament a’zolari, 45 nafar parlament Spikeri ishtirok etdi.

“Tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi harakatlanuvchi kuch sifatida gender tengligi va gender masalalarini inobatga oladigan parlamentlarning rolini yanada oshirish” mavzuida o‘tkazilgan Assambleya yalpi majlisida A. Saidov nutq so‘zladi.

U o‘z nutqida gender tengligiga erishish bo‘yicha O‘zbekistonning o‘ziga xos tajribasi to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, gender masalasi O‘zbekistonda davlatning ustuvor siyosat yo‘nalishi hisoblanishi, gender siyosatining qonunchilik va institutsional asoslarini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, yangi O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan qonunchilikni rivojlantirish, xotin-qizlarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ishbilarmonlik hayotidagi o‘rni va faolligini oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar sanab o‘tildi.

Shu bilan birga, PIning Demokratiya va inson huquqlari qo‘mitasi yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N. Tilavoldiev mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash sohasida olib borilayotgan islohotlar va qabul qilinayotgan qonunlar to‘g‘risida, jumladan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili instituti, Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga rioya etishi bo‘yicha parlament komissiyasi tuzilgani, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinganini qayd etdi.

Mahkumlar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoyalash maqsadida Nelson Mandela qoidalari qonunchiligimizga implementatsiya qilinayotgani yuzasidan ma’lumot berdi.

Tadbirda, shuningdek, keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda o‘zgartish kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ham inson huquqlari va erkinliklari, gender masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi.

Yakunda Assambleyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Parlamentlararo Ittifoqning tegishli rezolyusiyalari va Kigali Deklaratsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, PIga kuzatuvchi maqomini olish uchun taqdim etilgan arizalarni ko‘rib chiqish, PIning mintaqaviy ofislarini ochish, PI va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

2022 yilning boshida PI maqsadlarini himoya qilish va ilgari surishda, shuningdek, yanada birlashgan, adolatli, xavfsiz, barqaror dunyoni yaratishga hissa qo‘shayotgan parlamentariylarni e’tirof etish maqsadida “Cremer-Passy” mukofoti joriy qilingan edi. Assambleya doirasida meksikalik Sintiya Lopez Kastro xonim hamda Ukraina Oliy Radasining raisi va barcha deputatlari ilk mukofotning sovrindorlari, deb topildi.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 145-sessiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Ruanda Respublikasi Qonunchilik palatasi spikeri Donalit Mukabalisa, Serbiya parlamenti spikeri Vladimir Orlich, PI prezidenti Duarte Pacheko, PI Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

«Xalq so‘zi»

 

Powered by GSpeech