Til – millat ko‘zgusi

Joriy yil 18 oktyabr kuni Inson huquqlari  bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbek davlat drama teatri xodimi, O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov ishtirok etgan tadbirda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Buning natijasida ona tilimizning chiroyi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratildi.

1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunda va Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekanligi va  O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlanishi ham belgilab qo‘yilgan.

O‘z navbatida, 2020 yil 10 aprelda «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Bu tarixiy hodisa tilimiz taraqqiyoti uchun yanada muhim ahamiyat kasb etdi.

Har yili 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanadi. Shu kuni ona tilimizning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyosligi, til madaniyat belgisi ekanligi turli tadbirlarda e’tirof etiladi.

Milliy markazda tashkil etilgan uchrashuv doirasida ham o‘zbek tiliga bo‘lgan bugungi e’tibor, madaniyat, san’at xodimlarining o‘zbek tilini to‘g‘ri targ‘ib etishdagi xizmatlari haqida qiziqarli muloqot bo‘ldi.

Suhbat davomida ishtirokchilar “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Arshin mol-olon”, “Iskandar”, “Otello”, “Maysaraning ishi”, “Tog‘a va jiyanlar”, “Eski muhabbat” kabi spektakllarda taniqli san’atkor Elyor Nosirov ijro etgan rollarning o‘ziga xos talqini haqida fikr almashdilar.

Hamidullo MO‘MINOV,

Inson huquqlari  bo‘yicha

 O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Inson huquqlari uyi” xodimi

Powered by GSpeech