Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xayrli bir ishga qo‘l urdi. Akademik Akmal Saidov rahbarligida “Jahon konstitutsiyalari” deb nomlangan to‘plam tayyorlanib, nashr etildi.
HAR BIR MAMLAKAT O‘Z TARIXIGA, AN’ANALARIGA, URF-ODATLARIGA, MENTALITETIGA EGA VA BU HOLAT ULARNING O‘Z KONSTITUTSIYALARIDA HAM AKSINI TOPGAN. BIROQ AYNI PAYTDA DEMOKRATIK HUQUQIY DAVLAT TAMOYILLARI, INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINING XALQARO STANDARTLARI MAVJUD. XORIJIY DAVLATLAR ILG‘OR TAJRIBASIDAN TANQIDIY TAHLIL ASOSIDA UNUMLI FOYDALANISH MAMLAKATIMIZDAGI KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR SAMARADORLIGINI TA’MINLOVCHI MUHIM OMIL BO‘LIB XIZMAT QILISHI MUMKIN.
To‘plam dunyo mamlakatlari konstitutsiyaviy tuzumi to‘g‘risida qisqacha ilmiy-ommabop ocherklar hamda konstitutsiyalarning rasmiy matnidan tashkil topgan. Har bir ilmiy ocherkda mamlakatning nomi, hududi, aholisi, diniy e’tiqodi, davlat tuzilishi va siyosiy partiyalar to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar keltirilgan. Ayni paytda mamlakatda amal qilayotgan huquqiy tizim mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari, huquq-tartibot asoslari, inson huquq va erkinliklari tizimi hamda asosiy mazmuni ochib berilgan.
To‘plamning muqaddima qismida jahon konstitutsiyalari laboratoriyasidan lavhalar ruknida o‘rin olgan ilmiy-tahliliy materiallarda zamonaviy konstitutsiyaviy islohotlarning o‘ziga xos jihatlari, ular rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari ochib berilgan. Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar yo‘lida ro‘y berayotgan jarayonlar va ularning strategik yo‘nalishlari — “davlat — jamiyat — inson” paradigmasini yangi “inson — jamiyat — davlat” paradigmasiga o‘zgartirish natijasida vujudga keladigan ijobiy o‘zgarishlar va oqibatlar bayon etiladi. Shuningdek, konstitutsiyalarning vujudga kelish tarixi, ularning tiplari va o‘ziga xos xususiyatlari ochib beriladi. Konstitutsiyaning funksiyalari, ustunligi, barqarorligi, konstitutsiyaviy nazorat, konstitutsiya bevosita amal qiluvchi huquq tizimi, samaradorligi kabi qiziqarli materiallar lo‘nda va obrazli o‘xshatishlar, ta’riflar asosida bayon etilgan.
To‘plamda turli mamlakatlar konstitutsiyalarining rasmiy matni mujassamlashgan. Ushbu mamlakatlarning hech biri davlat tuzilishi, ijtimoiy holati, konstitutsiyasi mazmuni bo‘yicha bir-biriga o‘xshamaydigan alohida turkum xususiyatlarga ega. Masalan, AQSh, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Sloveniya va boshqa mamlakatlar shular jumlasidan.
Xalqimizda “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil” degan naql bor. Ushbu to‘plamning aynan hozirgi davrda keng kitobxonlar ommasiga yetkazilishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga eka. Xalqimiz ayni damlarda mamlakatimiz Asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘tarinki ruhda muhokama qildi.
Prezidentimizning Konstitutsiyamiz muallifi xalqimiz ekani to‘g‘risidagi purma’no so‘zlari ushbu jarayon tub mohiyatini ifodalay-di. Mamlakatimiz fuqarolari o‘z hayotiy ehtiyojlari va orzu-umidlaridan kelib chiqib, konstitutsiyaviy normalarni shakllantirishda faol ishtirok etdi va bunda ba’zi hollarda dunyoning boshqa mamlakatlari tajribasida o‘zini oqlagan, ijobiy samara bergan dunyo konstitutsionalizmi yutuqlarini yurtimizda qo‘llash bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar bildirdi.
Albatta, har bir mamlakat o‘z tarixiga, an’analariga, urf-odatlariga, mentalitetiga ega va bu holat ularning o‘z konstitutsiyalarida ham aksini topgan. Biroq ayni paytda demokratik huquqiy davlat tamoyillarida inson huquq va erkinliklarining xalqaro standartlari mavjud. Xorijiy davlatlar ilg‘or tajribasidan tanqidiy tahlil asosida unumli foydalanish mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar samaradorligini ta’minlovchi muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Nashr kreativ ijodiy yondashuv asosida tayyorlangan. Sodda, tushunarli, ravon tilda bayon etilgan. Dunyo miqyosida e’tirof etilgan zabardast huquqshunos olim, hamyurtimiz, akademik A.Saidov qalamiga mansub materiallar to‘plamning ham ilmiy, ham badiiy, ham ommabop saviyasini yuksak darajaga ko‘targan. Ushbu to‘plamning nafaqat huquqshunos mutaxassislar, balki keng jamoatchilik tomonidan ham qizg‘in kutib olinishi va qiziqib mutolaa qilinishini ishonch bilan aytish mumkin. Quvonarlisi, u xalqimizning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonlik darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
To‘plam bilan tanishganingizda, “mo‘ysafid” konstitutsiyalardan biri — AQSh Konstitutsiyasida tarixiy o‘tmish muhri mujassamligidan taajjublanasiz. Buyuk Britaniya yagona Konstitutsiyaga emas, konstitutsiyaviy hujjatlar tizimiga ega ekanidan hayratlanasiz. Musulmon mamlakatlari konstitutsiyalarida diniy e’tiqod masalalari qay darajada ifodalanganini bilib olasiz. Mazkur to‘plam mana shu kabi bir-biridan qiziqarli ma’lumotlari bilan kitob javoningizdan munosib o‘rin egallaydi.
Omonboy OQYULOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist,
yuridik fanlar doktori, professor
- Qo'shildi: 21.10.2022
- Ko'rishlar: 6320
- Chop etish