Mas’uliyatsiz xodimga chora ko‘rildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillaridan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushadi. Murojaatlarning aksariyat qismi sud-huquq masalalariga bog‘liq.

Ayni vaqtda fuqarolardan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari tiklanishi va ro‘yobga chiqarilishi bilan bog‘liq masalalarda ham anchagina murojaatlar bo‘lib turadi. Bu toifadagi murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib chiqish, qonunbuzilish holatlariga nisbatan chora ko‘rish masalasida prokuratura organlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Toshkent viloyati, Bekobod shahrida yashovchi fuqaro R.Yafarovning elektr energiyasi ta’minoti uchun oldindan to‘lovi mavjud bo‘lsa-da, shahar elektr tarmoqlari korxonasi ayrim xodimlarining o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashlari, lavozim yo‘riqnomasida belgilab qo‘yilgan vazifalarga amal qilmasliklari oqibatida xonadoni elektr tarmog‘idan noqonuniy uzib qo‘yilgan.

Fuqaroning bu haqidagi murojaati Milliy markazda o‘rganib chiqildi. “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yil 10 dekabrdagi qarori talablaridan kelib chiqib, Toshkent viloyat prokuraturasiga qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarining buzilishiga olib keladigan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish to‘g‘risida tavsiya kiritildi.

Viloyat prokuraturasi olib borgan prokurorlik nazorati natijasiga ko‘ra fuqaro R.Yafarovning huquqlari tiklandi. O‘z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan qaragan Bekobod shahar elektr tarmoqlari korxonasi mas’ul xodimi intizomiy javobgarlikka tortildi.

 

Otabek Norboev,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

"Huquq" gazetasi

Powered by GSpeech