Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sud, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Adliya vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda mas’ullarning O‘zbekiston Respublikasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti va Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining hisoboti eshitildi.

Jumladan, joriy yilning 31 avgust-1 sentyabr kunlari BMTning Bola huquqlari qo‘mitasining 91-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti ko‘rib chiqilgan edi. Bugungi kunda Qo‘mitaning mazkur hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha yakuniy xulosalari taqdim qilingan.

Shuningdek, tadbir doirasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘n uchinchi — O‘n to‘rtinchi davriy ma’ruzasi ham ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzada Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda etnik guruhlar vakillari duch kelayotgan masalalar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini ta’minlash sohasidagi vaziyat, fuqarolikni berishda to‘siqlarni bartaraf etish va shaxslarning fuqaroligini yo‘qotishning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar qamrab olgan.

Mazkur davriy ma’ruza avvalgi ma’ruzalardan keyin BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan bildirilgan xulosa va tavsiyalardan kelib chiqib to‘plangan ma’lumotlar asosida tayyorlandi.

Anjuman doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan Uchinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi Parlament komissiyasi a’zolariga ko‘rib chiqish uchun taqdim qilindi.

Jumladan, joriy yilning yil 22-24 fevral kunlari Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining onlayn shakldagi 71-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilgan edi.

2022 yil 31 martda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy ma’ruzasi yuzasidan 65 banddan iborat 26 ta yo‘nalishlar bo‘yicha yakuniy tavsiyalar berilgan edi.

Vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlaridan BMT ning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari asosida berilgan qo‘shimcha taklif va e’tirozlar ko‘rib chiqilib, loyiha takomillashtirildi. Xususan, Milliy harakatlar rejasi loyihasi Qo‘mita tomonidan berilgan barcha tavsiyalar olingan bo‘lib, u 34 ta banddan iborat. Yaqin istiqbolda 4 ta qonun loyihasi, 1 ta konsepsiya, 2 ta milliy harakatlar rejasi ishlab chiqish belgilangan.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasidagi tashabbus va takliflarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ning ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlarni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xaqida mas’ullar axboroti ham eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 O‘zA

Powered by GSpeech