"JAHON KONSTITUTSIYALARI" KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR ARAFASIDA CHOP ETILGAN MUHIM TO‘PLAM

Akademik A.X.Saidov mas’ul muharrirligida yaqinda nashrdan chiqqan "Jahon Konstitutsiyalarito‘plami o‘zbek o‘quvchilariga Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Iordaniya, Italiya, Polsha, Saudiya Arabistoni, Slavakiya, Fransiya, Chexiya, Yaponiya kabi davlatlarning davlat ramzlari, boshqaruv shakli, siyosiy rejimi, ma’muriy-hududiy tuzilishi, fuqarolarning asosiy huquqlari va burchlari, davlat boshlig‘i, davlat hokimiyati, boshqaruv, sud hokimiyati organlari tizimi, ularni saylash va tayinlash tartibi, ularning vakolatlari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, saylov, moliya, byudjet tizimi, mudofaa va xavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini o‘z ona tilida o‘rganish va aniq tasavvurga ega bo‘lishi uchun ulkan imkoniyat yaratadi.

To‘plamning kirish qismida foydalanuvchilar uchun Konstitutsiyalarning rivojlanish tarixi va jahon davlatlarining zamonaviy Konstitutsiyalari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berilgan. Yangi O‘zbekiston: Konstitutsiyaviy islohot yo‘lida nomli bo‘limida O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyani yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan.

To‘plamda Konstitutsiya: tuzilishi va rivojlanishi, Konstitutsiya: yuridik ta’rif va funksiyalari, Konstitutsiyaning ustunligi va barqarorligi, konstitutsiyaviy nazorat, Konstitutsiya bevosita amal qiluvchi huquq, Konstitutsiyaning hajmi va tuzilishi, Konstitutsiya va siyosiy partiyalar, Konstitutsiya va kam sonli millatlarning huquqlari, Konstitutsiya va hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi, Konstitutsiya va deputatlar deb nomlangan bo‘limlarida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qisqa va aniq ma’lumotlar berilgan. Xususan, Konstitutsiyaning samaradorligi, deb nomlangan bo‘limida Konstitutsiyaning samaradorligini ta’minlash borasida asoslantirilgan takliflar va tavsiyalar berilgan.

Shuningdek, to‘plamda davatlarning siyosiy tizimi, ma’muriy-hududiy tuzilishi, hududi, poytaxti, ahlisining soni, rasmiy tili va dini haqida qisqacha ma’lumotlar mavjud. Ushbu ma’lumotlar to‘plamga kiritilgan davlatlar to‘g‘risida yanada aniq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.

To‘plamda davlatlar va ularning Konstitutsiyalarining rivojlanish tarixi to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Ushbu ma’lumotlar nafaqat ilmiy izlanuvchilar uchun, shu bilan bir qatorda amaliyotchilar uchun ham muhim manba hisoblanadi. To‘plamdan foydalanuvchilar unda berilgan manbalarni taqqoslash orqali qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin. O‘quvchilarga nafaqat mazkur davlatlarning amaldagi Konstitutsiyasi, shu bilan bir vaqtda ularning Konstitutsiyalari tarixi haqida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining amaldagi Konstitutsiyasi bilan birga mazkur Konstitutsiya tarixi haqida ham qisqa, ammo muhim ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, to‘plamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining davlat hokimiyati organlari, huquq tizimi, sud tizimi, shtatlarining sud tizimlari haqida ham muhim ma’lumotlar qayd etilgan. Ushbu ma’lumotlar nafaqat olimlar, ilmiy jamoatchilik, izlanuvchilar va amaliyotchilar, shu bilan bir qatorda keng kitobxonlar ommasi uchun ham qiziqarli va ahamiyatlidir. Ya’ni mualliflar tomonidan izlanuvchilar uchun bir vaqtning o‘zida o‘rganilayotgan davlat, uning tuzilishi, boshqaruv shakli, ho‘jalik yurtuvchi sub’ektlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, to‘plam turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar, migrantlar, sayyohlar,ziyoratchilar, tadbirkorlar uchun ham o‘zlari borayotgan davlat organlari tizimi, inson va fuqarolarning huquqlari va burchlaridan, qonunchiligidan habardor bo‘lishlarida muhim hisoblanadi.

To‘plamning yakunida jahondagi deyarli barcha davlatlarning dastlabki Konstitutsiyasi qabul qilingan sanasi va hozirda amalda bo‘lgan Konstitutsiyalari sanasi jadval asosida berilgani sohada ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan izlanuvchilar uchun muhim ahamiyatga ega manbadir.

Jahon Konstitutsiyalarini o‘rganish orqali O‘zbekiston Konstitutsiyasi hech bir Konstitutsiyadan kam emasligi, unda jahon Konstitutsiyalarini rivojlanish tajribalari e’tiborga olinishi bilan milliy xususiyatlarimiz, ma’naviyatimiz ham o‘z ta’siriga ega bo‘lganligi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

To‘plamdan davlat va jamoat arboblari, deputatlar, davlat xizmatchilari o‘z faoliyatlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquqi, xorijiy mamlakatlar Konstitutsiyaviy huquqi bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar, o‘quv mashg‘ulotlari uchun ko‘rgazmali qiyosiy materiallar tayyorlashda, Konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borishda foydalanishlari mumkin.

Jahon Konstitutsiyalari to‘plami mualliflaridan kelajakda jahondagi boshqa davlatlarning Konstitutsiyalarini ham batafsil o‘rganib, to‘plam holida o‘zbek tilida chop etish ishlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyat hamroh bo‘lsin.

O.HUSANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori.

Powered by GSpeech