2022 yil 24 oktyabr kuni Nigeriyaning Abudja shahrida “Global mediasavodxonlik haftaligi” o‘z ishini boshladi. YuNESKO shafeligida bo‘lib o‘tayotgan ushbu xalqaro anjuman 31 oktyabrgacha davom etadi.
Yolg‘on axborot va soxta targ‘ibotga aldanib qolmaslikning qanday yo‘li bor? Buning uchun yolg‘on va to‘g‘ri ma’lumotning farqiga borishni butun umr o‘rganish taqozo etiladi. Ayniqsa, bugungi global axborotlashuv va raqamli texnologiyalar davrida ayni ko‘nikmaning ahamiyati beqiyosdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yolg‘on axborotga qarshi kurashish masalasiga katta e’tibor qaratib kelmoqda, deyiladi ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning yangiliklar sayti xabarida. Binobarin, 2020 yil may oyidayoq BMT o‘zining yaqin sheriklari bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarda «Tekshirilgan!» (Verified) global kampaniyasini ishga tushirgan.
Bundan maqsad – insonlar faqat ishonchli axborotdan foydalanishiga imkoniyat yaratishdir. Mazkur kampaniya tashkilotchilari va ishtirokchilari eng ommabop onlayn-platformalar foydalanuvchilariga murojaat qilib, ulardan internetda ko‘zlari tushgan axborotni boshqalar bilan baham ko‘rishga shoshilmaslikni, buning uchun oldin ayni shu ma’lumotlarning qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida o‘ylab ko‘rishni so‘ragan.
Joriy yilda o‘tkazilayotgan “Global mediasavodxonlik haftaligi” axborotning to‘g‘riligi va ishonchliligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. BMT So‘z erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining fikricha, uydirma va yolg‘on axborotni aniqlashga faqat mediasavodxonlikni oshirish hamda axborotning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish yo‘li bilangina muvaffaq bo‘lish mumkin.
Xususan, “agar insonlarni raqamli makonda tarqatilayotgan yolg‘on va to‘g‘ri axborot o‘rtasidagi farqni aniqlashga o‘rgata olsak, muammo ijobiy yechimini topadi. Xuddi shu jarayon Finlandiyada allaqachon boshlangan bo‘lib, bu yerda bolalarni boshlang‘ich sinfdanoq medisavodxonlikka o‘rgatishmoqda”, deydi BMT maxsus ma’ruzachisi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, YuNESKO va hamkorlari tomonidan “Global mediasavodxonlik haftaligi” har yili o‘tkaziladi. Bu, o‘z navbatida, manfaatdor tomonlarga “Barcha uchun global media va axborot savodxonligiga erishish” borasida qanday natijalar qo‘lga kiritilganini tahlil qilish hamda ibratli yutuqlarni alohida qayd etish imkonini beradi.
Shuning uchun YuNESKO hamda YuNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha alyansi a’zolari barcha hamkorlarini “Global mediasavodxonlik haftaligi”ni dunyo miqyosida o‘tkazishda hamjihatlikka chorlaydi. Bunda barcha mamlakatlarda ayni mavzu yuzasidan onlayn va oflayn tarzda turli tadbirlar tashkil qilish tavsiya etiladi.
Afsuski, bugungi kunda jahonda insonlar, xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga tobora putur yetmoqda. Ana shu murakkab sharoitda xalqaro hamjamiyatning faqat barcha uchun global media va axborot savodxonligiga erishish yo‘lidagi qat’iyati hamda joriy sa’y-harakatlari yetarli emas. Buning uchun dunyo ahli o‘rtasida ishonchning mustahkamlanishi yo‘lida global media va axborot savodxonligiga erishish bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqish talab etiladi.
Shunday qilib, joriy yildagi “Global mediasavodxonlik haftaligi” insonlar, ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar, hukumatlar, xususiy sektor va nohukumat tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda birdamlikni mustahkamlashga qaratilgani bejiz emas.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda yil davomida media va axborot savodxonligi sohasida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinmoqda. Shuningdek, bu borada o‘zaro ishonchni mustahkamlashga va har qanday ishonchsizliklarga barham berishga xizmat qiladigan istiqbol rejalari muhokama etilmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 26.10.2022
- Ko'rishlar: 5632
- Chop etish