Shu yil 9-15 oktyabr kunlari Ruanda poytaxti Kigali shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 145-assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro forum "Gender tenglik siyosati va gender masalalarni inobatga oladigan parlamentlar — tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi harakatlantiruvchi kuch" mavzusiga bag‘ishlandi.
Assambleya ishida 110 dan ziyod milliy parlamentning 1 ming 200 nafardan ortiq a’zosi, xorijiy davlatlar parlamentlarining 45 nafar Spikeri ishtirok etdi. Unda, jumladan, mamlakatimiz Oliy Majlisi delegatsiyasi ham qatnashdi.
O‘ZBEKISTONNING GENDER TENGLIK SIYOSATI TAJRIBASI — PARLAMENTLARARO ITTIFOQ NIGOHIDA
Dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro tashkiloti sifatida 179 mamlakatni o‘zida birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoq 1889 yil 30 iyunda ta’sis etilgan. Bu nufuzli xalqaro tashkilot o‘tgan davrda tom ma’noda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi. Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Parlamentlararo Ittifoq o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Milliy parlamentimiz vakillari Parlamentlararo Ittifoq tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.
Parlamentlararo Ittifoqning Kigali shahrida o‘tkazilgan Assambleyasida global miqyosda va davlatlarda gender tenglik siyosati rivoji, parlamentlarning gender masalalar bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xususan, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga chek qo‘yishda parlamentlar roli va ahamiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizning gender siyosati, genderga nisbatan sezgir parlamentni shakllantirish, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida gender tenglikni amalga oshirish borasidagi tajribasi hamda joriy yil sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Jahon parlamentlari ayol spikerlari sammiti, unda qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Dunyo parlamentlari delegatsiyalari O‘zbekiston tajribasini e’tirof etib, uni keng targ‘ib qilish lozimligini ta’kidladi.
Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Duarte Pacheko Assambleya asosiy kun tartibini tanlashda parlamentidagi deputatlarning 61 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etgan Ruanda tajribasi inobatga olingani hamda "Ruanda ruhi" Parlamentlararo Ittifoq ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirdi. "Dunyo parlamentlarida ayollar vakilligi ortib borishi, ayollar imkoniyatlarini kengaytirishda ayol spikerlarning o‘rni va roli benihoya kattadir", dedi u.
D.Pacheko, shuningdek, 2022 yil 8-9 sentyabr kunlari O‘zbekistonda 17 ayol spiker, 120 nafardan ortiq ayol deputat ishtirok etgan Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammitida qabul qilingan "Barqarorlik va farovonlikni oshirish maqsadida xatarlarning oldini olish: parlament yetakchiligi" nomli Toshkent deklaratsiyasining gender tenglikka erishish yo‘lida muhim hujjat ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
KIGALI DEKLARATSIYASI: ADOLATLI VA GENDER SIYOSATNI QO‘LLAB-QUVVATLOVCHI JAMIYAT SARI
Assambleya kun tartibidagi masalalar borasida dunyo, ayrim mintaqa va davlatlarda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan tendensiyalar tahlil etildi. Xalqaro anjuman yakunida Parlamentlararo Ittifoqning tegishli rezolyusiyalari va Kigali deklaratsiyasi qabul qilindi.
Hali-hanuz dunyoda biror mamlakat gender masalalarni to‘la hal qilgan, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun Parlamentlararo Ittifoqning 145-assambleyasi asosiy hujjati bo‘lmish Kigali rezolyusiyasida ta’kidlanganidek, dunyo mamlakatlari darajasida va global miqyosda gender siyosatni rivojlantirish, "genderga nisbatan adolatli va gender siyosatni qo‘llab-quvvatlovchi jamiyatni shakllantirish", qarorlar qabul qilishda siyosiy institutlar tomonidan ayollar xizmat qiladigan tashkilotlarda xotin-qizlarning ovozlarini inobatga olishni ta’minlashda gender sezuvchan parlamentlar ishini yo‘lga qo‘yish va ularni baholashda quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan:
gender masalalarni inobatga olgan holda parlament tuzilmalarini takomillashtirish;
parlamentda "gender madaniyat"ni shakllantirish, "gender sezuvchanlik"ni tushunish, uni parlament faoliyatining asosiy tamoyillariga aylantirish va amaliyotda qo‘llay bilish;
jamiyat va davlat hayotida gender tenglikni ta’minlash strategiyasini rivojlantirish, gender masalalarni inobatga oluvchi byudjetni shakllantirish va gender auditini amalga oshirish;
jamiyatdagi gender tenglikka nisbatan munosabatni doimiy monitoring qilish, o‘rganib borish, tegishli tadqiqotlarni amalga oshirish va tavsiyalar tayyorlash;
gender tenglik siyosatining hayotga tatbiq etilish holati va xotin-qizlarning davlat boshqaruvi organlaridagi vakilligi va ishtirokini ta’minlash alohida ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda.
GLOBAL DUNYODA GENDER TENGLIK SIYOSATI
Ushbu sohada birgina BMT doirasida qator xalqaro shartnomalar, o‘nlab xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ular gender tenglik va adolat tamoyillarini o‘zida aks ettirishi, o‘zaro bog‘liqligi, bir-birini taqozo etishi va to‘ldirishi hamda hayotiyligi bilan ajralib turadi.
Bunda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya umume’tirof etilgan ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikka erishish borasidagi "jahonning global Konstitutsiyasi" sanaladi.
Parlamentlararo Ittifoq tomonidan 2012 yilda qabul qilingan "Genderga nisbatan sezuvchan parlamentlar uchun harakatlar rejasi"ning hayotga tatbiq etilayotgani mamlakatlarda va global miqyosda gender siyosatni rivojlantirish va gender tenglikka erishishga xizmat qilmoqda.
GLOBAL GENDER TENGLIK VA KONSTITUTSIYA
Bugungi kunda gender tenglikni ta’minlashda tegishli masalalarning dunyo Konstitutsiyalarida aks ettirilishi, "gender masalalarga sezgir Konstitutsiyalar" qabul qilinishi tendensiyalari namoyon bo‘lmoqda. Albatta, O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda jahon hamjamiyati bilan birga qadam tashlamoqda.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi M.Chungong O‘zbekistondagi gender siyosat va konstitutsiyaviy islohotlar xususida gapirib, "gender sezgir Konstitutsiya" qabul qilinishi mamlakatda xotin-qizlarning erkinliklari, huquqlari va manfaatlarini samarali himoya qilish, ular kamsitilishiga va ularga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qilishi"ni ta’kidladi.
Ruanda parlamenti Deputatlar palatasi Spikeri Donatilla Mukabalisa ham "Ruandada gender tenglik va ayollarning rahbarlik lavozimlarini targ‘ib qilish konstitutsiyaviy majburiyat" ekani, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar esa dunyodagi umumiy tendensiyalarni inobatga olayotganini e’tirof etdi.
Sohaga oid dunyo konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganish xalqaro majburiyatlarga muvofiq xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tenglik tamoyilini amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida gender tenglik tamoyili Konstitutsiyalarga kiritilayotganidan dalolat beradi. Bunda gender nuqtai nazaridan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat:
birinchidan, Konstitutsiyaga umume’tirof etilgan prinsip va normalarni kiritish. Bugungi kunda dunyo Konstitutsiyalarining 98 foizi tenglik va kamsitilmaslik, 94 foizi zo‘ravonlikdan himoya qilish, 86 foizi xotin-qizlarning ta’lim olishi, 85 foizi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kafolati, 44 foizi diskriminatsiyaga qarshi choralar va 12 foizi xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha alohida qoidalarni o‘z ichiga oladi;
ikkinchidan, barcha jabhada xotin-qizlarning konstitutsiyaviy nazorat va islohotlar jarayonlarida to‘liq va teng ishtirok etishini ta’minlash lozim;
uchinchidan, Konstitutsiyani yangilashda jahon davlatlarining gender omillarni, ayniqsa, "kamsituvchi konstitutsiyaviy qoidalarga" barham berish borasidagi ijobiy tajribasini inobatga olish kerak.
Shu bilan birga, xotin-qizlar huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar tenglik va kamsitilmaslikning umumiy tamoyillari bilangina chegaralanmay, ayollarning o‘ziga xos huquq va erkinliklarini ham qamrab olishi lozim. Ular ta’lim, sog‘liqni saqlash, fuqarolik, saylanadigan va tayinlanadigan organlarda ishtirok etish kabi sohalarni ham nazarda tutishi zarur.
Konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, quyidagi vazifalarni hal etishni ko‘zlaydi.
Birinchi vazifa: erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash uchun vaqtinchalik maxsus choralarni hayotga tatbiq etish.
Ikkinchi vazifa: gender masalalarni inobatga olgan byudjetlar ishlab chiqilishini ta’minlash.
Uchinchi vazifa: ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini konstitutsiyaviy qoidaga aylantirish.
O‘z navbatida, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarni o‘rgangan xorijiy parlamentariylar va ekspertlar yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga:
inson qadr-qimmati, erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini hurmatlash va himoya qilish;
ijtimoiy va huquqiy davlat qurish, adolatli ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish;
xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish kabi vazifalarni hal etishga qaratilgan 100 dan ziyod muhim yangilik kiritilayotgani gender siyosatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi, deb qaramoqda. Ular bunday yangilanishlarni ijobiy baholamoqda.
Xalqaro va xorijiy ekspertlarning fikricha, ushbu yangiliklar nafaqat sohaga oid xalqaro shartnomalar tegishli tamoyillari va qoidalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilishga, balki xalqaro huquqning o‘zini ham rivojlantirishga turtki bo‘lishi mumkin.
BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARINI TA’MINLASHDA PARLAMENT IMKONIYATLARI
Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston ham "2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar"ni belgiladi. Milliy maqsadlarning beshinchisini amalga oshirish doirasida "Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish"ga oid to‘qqizta vazifa ishlab chiqildi va ular bosqichma-bosqich hal etilmoqda.
Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida mamlakatimiz, jumladan:
hamma jabhalarda xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha turlarini tugatish;
davlat va xususiy sektorda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlarini yo‘q qilish;
jamiyat hayotida xotin-qizlarning to‘liq va samarali ishtirokini hamda barcha darajada yetakchilik uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash;
davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini to‘liq aks ettirish vazifalarini o‘z zimmasiga olgan.
GENDER TENGLIK VA MIGRATSIYA MUAMMOSI
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan, Parlamentlararo Ittifoqning 145-assambleyasida gender masalalaridan tashqari yana bir muammo — migratsiya, ayniqsa, ayollar migratsiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda boshqariladigan migratsiyani qo‘llab-quvvatlash parlamentariylarning asosiy va ustuvor vazifalaridan bo‘lishi kerakligi e’tirof etildi.
Assambleyada Parlamentlararo Ittifoqning Demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish byurosi tomonidan tayyorlangan "Xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga parlamentning ta’siri hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga chek qo‘yish" nomli rezolyusiya har tomonlama ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
PARLAMENTLARARO ITTIFOQ VA O‘ZBEKISTON O‘RTASIDAGI MANFAATLI MUNOSABATLAR E’TIROFI
O‘zbekiston delegatsiyasining Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasidagi ishtiroki davrida ushbu tashkilot Prezidenti Duarte Pacheko, Bosh kotibi Martin Chungong, Osiyo Parlamentlar assambleyasi Bosh kotibi doktor Muhammad Rizo Majidiy, Ruanda, Shvesiya, Zimbabve, Birlashgan Arab amirliklari, Urugvay, Serbiya hamda boshqa davlatlar parlamentlari rahbarlari va a’zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti 2021 yil iyunida Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumning yuqori natijalari va Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinganini ham e’tirof etdi.
Xulosa qilib aytganda, Parlamentlararo Ittifoq rahbariyati va a’zolari ushbu tashkilot bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni ijobiy baholaydi. Mazkur tashkilotning Kigalida bo‘lib o‘tgan Assambleyasida ayni hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istagi bildirildi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari
- Qo'shildi: 28.10.2022
- Ko'rishlar: 5500
- Chop etish