Joriy yilning 28 oktyabr kuni Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Tojikiston Respublikasi Majlisi Olii Majlisi Namoyandagon Raisi Mahmadtoir Zoir Zokirzoda bilan uchrashdi.
Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi. Bu, o‘z navbatida, parlamentlararo hamkorlikni yanada jonlantirishga turtki bo‘lmoqda.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro do‘stona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda rivojlanmoqda. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki xalq manfaatlari yo‘lidagi yangi maqsadlar va istiqbollar bilan to‘lgan. Ochiq, samimiy muloqotlar parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish uchun ham mustahkam poydevor qo‘ydi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirishda parlamentlarning roli va o‘rnini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini tobora kengaytirib borish masalalari ikki mamlakat parlamenti vakillarining diqqat-markazida bo‘ldi.
Tomonlar O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarida erishilgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkashga zamin yaratib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishda parlament a’zolarining o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlashga alohida urg‘u qaratdilar.
Muloqot ochiqlik, o‘zaro ishonch, anglashuv va do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 28.10.2022
- Ko'rishlar: 5754
- Chop etish