Har qanday murakkab sharoitda ham inson huquqlarini himoya qilish muhim

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z faoliyatini global muammolar bilan bog‘liq o‘ta murakkab sharoitlarda olib bormoqda. Bir tomondan, iqlim o‘zgarishlari, ikkinchi tomondan, geosiyosiy vaziyat tufayli BMT Kengashi a’zolari favqulodda majlislar o‘tkazish va turli mamlakatlarda inson huquqlariga amal qilinishini nazoratga olish yuzasidan yangi mexanizmlar ta’sis etish hamda yangi rezolyusiyalar qabul qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi majlisida so‘zga chiqqan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi Federiko Vilegas shu haqda gapirdi, deyiladi BMT yangiliklari sayti axborotida.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tartib-taomillariga ko‘ra, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi ushbu lavozimga bir yil muddatga saylanadi. Kengash raisi o‘zi raislik qilgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan  bir yillik davrda amalga oshirilgan ishlar, duch kelingan muammolar haqida BMT Bosh Assambleyasiga ma’ruza taqdim etadi.

Shu ma’noda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi Federiko Vilegasning BMT Bosh Assambleyasi majlisidagi ma’ruzasida mazkur Kengashning 2021 yil 1 oktyabridan – 2022 yil 7 oktyabrigacha bo‘lgan davrda amalga oshirgan ishlari haqida so‘z bordi. Xususan, ma’ruzada quyidagi raqamlar qayd etildi:

  • o‘z tarkibiga BMTga a’zo davlatlarning 47 tasini jamlagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bir yilda uchta sessiya o‘tkazgan;
  • ushbu sessiyalarda 100 ta rezolyusiya, bayonot va qarorlar qabul qilingan;
  • shu hujjatlarning 67 tasi ovoz berilmasdan ma’qullangan;
  • BMT maxsus ma’ruzachilarining – 14 ta, shuningdek, maxsus tartib-taomillarning “mavzuli mandatlari” doirasida – 45 ta va surishtiruv ishlarini olib borish bo‘yicha mexanizmlarning – 10 ta ma’ruzasi tinglangan.

Federiko Vilegas BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining so‘nggi 12 oyda shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelgan eng dolzarb mavzular haqida to‘xtalar ekan, iqlim o‘zgarishlari hamda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bilan bog‘liq muammolarga alohida urg‘u berdi.

 Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani bu sohadagi amaliy faoliyatimizning yuksak e’tirofi bo‘ldi. 2021 yil 1 yanvardan buyon mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida faol va samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi. O‘zbekiston vakili bu yuksak lavozimdagi vazifalarini 2022 yildan e’tiboran bajarib kelmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonning jahonda nufuzi o‘sib borayotgani –bu nafaqat davlatning har tomonlama puxta o‘ylangan, qat’iy va mustaqil ichki va tashqi siyosati natijasi, balki mamlakatda demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirishda erishilayotgan yutuqlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishi hamdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech