TOSHKENT, 2 noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU qoshidagi Diplomatik akademiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi va JIDU rahbariyati, vazirlik va idoralar, Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
Maʼruzalarda davlatimiz rahbari tomonidan tizimli asosda diplomatik kadrlar tayyorlash, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimi va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari orasidan munosib nomzodlarni tanlab olish, O‘zbekiston milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda yetakchi diplomatik kadrlar zaxirasini yaratish, ularning malakasini oshirish va kadrlar tayyorlashga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
2022 yil 23 iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur Farmon doirasida tashkil etilayotgan yangi taʼlim diplomatik tuzilmasi – Diplomatik akademiyaning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Diplomatik akademiya tashkil etilishi bilan diplomatik kadrlar tayyorlashning ikki bosqichli tizimini to‘laqonli shakllantirish jarayoni yakunlanmoqda.
Diplomatik akademiyaning ustuvor vazifalariga quyidagilar kiradi:
- diplomatiya xodimlarini, xususan, yuqori darajadagi diplomatlarni tizimli asosda tayyorlash;
- davlat boshqaruvi tizimi va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari orasidan munosib nomzodlarni tanlash, ularni tayyorlash va yetakchi diplomatik kadrlar zaxirasini shakllantirish;
- davlat xizmatchilari, shuningdek xalqaro mutaxassislarni qisqa muddatli va uzoq muddatli malaka oshirish kurslarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan magistratura va oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlimning qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish;
Diplomatik akademiya kurslarining birinchi talabalari Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, shuningdek, respublikaning qator boshqa vazirlik va idoralari vakillari bo‘ldi.
JIDU huzuridagi Diplomatik akademiyaning tashkil etilishi nafaqat jahon maydonining turli platformalarida milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘lgan mahalliy diplomatik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va zaxirasini yaratish, balki respublikamizning tashqi iqtisodiy faoliyati salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
- Qo'shildi: 03.11.2022
- Ko'rishlar: 5263
- Chop etish