KONSTITUTSIYAVIY QONUN LOYIHASI: ASOSIY E’TIBOR INSON HUQUQLARIGA QARATILGAN

Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon hamda munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.

Shu kunlarda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonlari ayni mezonni yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga qaratilgan. Ushbu islohotlarning bosh g‘oyasi etib: “Barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati – hamma narsadan ustun!” tamoyili belgilangani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz moddalarida “Miranda qoidasi”, “Xabeas korpus” instituti, fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk himoyasini ta’minlash, tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olish huquqi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, yerning xususiy mulk bo‘lishi, ayollar, bolalar, yoshlar va nuroniylar, migrantlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari himoya qilinishi bilan bog‘liq normalar batafsil mustahkamlanayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni chog‘da, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar asosida maromiga yetkazilmoqda. Ushbu loyihaning mamlakatimiz suvereniteti va xalqimiz mustaqilligini konstitutsiyaviy negizda yanada qat’iy ta’kidlashga qaratilgan ayrim yangi normalariga muxtasar to‘xtalamiz.

Birinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunnning Muqaddima qismi yangi tahrirda taklif etilgan bo‘lib, jumladan, unda:

“Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi, inson huquqlariga va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga o‘z sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalari ustuvorligini e’tirof etib,  har  bir  insonning  sha’ni  va  qadr-qimmati,  farovonligi  hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar,  demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda, ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatiga intilib...”, degan bandlar bor.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 1-moddasi mana bunday yangi tahrirda tavsiya etilmoqda:

O‘zbekiston – suveren  respublika,  huquqiy,  ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat. Davlatning O‘zbekiston Respublikasiva O‘zbekiston degan nomlari bir ma’noni anglatadi.

Uchinchidan, Asosiy qonun 17-moddasining birinchi qismini quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirish taklif etilgan:

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal  etish,  boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va  xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari  va  normalariga asoslanadi.

O‘zbekiston barcha  davlatlar  bilan  do‘stona  va  tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib boradi”.

To‘rtinchidan, Konstitutsiyaning 18-moddasini quyidagi mazmundagi birinchi  va  ikkinchi  qismlar  bilan to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda:

“O‘zbekiston  Respublikasida  inson  hamda  fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.

Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq  va  erkinliklari  daxlsiz, ajralmasdir va ular har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi”.

Beshinchidan, Bosh Qomusimizning 22-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilingan:

 “O‘zbekiston  Respublikasi  o‘z  hududida  ham,  uning tashqarisida ham  o‘z  fuqarolarini  himoya  qilish  va  ularga  homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.

Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Qisqacha aytganda, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan matnidan joy olgan shu kabi konstitutsiyaviy normalar zamirida, bir tomondan, O‘zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suvereniteti, egamenligiga asosli ravishda urg‘u berilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nom berilgan 2022 yilda amalga oshirilayotgani ham bejiz emas.

Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir. “Inson qadri” tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o‘zida mujassam etadi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”.

Aytish o‘rinliki, so‘nggi yillarda dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli og‘ir va murakkab vaziyat yuzaga kelganiga qaramay, oldimizdagi ustuvor maqsadimiz – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida g‘oyat muhim natijalarga erishilmoqda. Bunda dastlab Harakatlar strategiyasi, endilikda Taraqqiyot strategiyasi dasturilamal bo‘lmoqda. Xalqimizning xohish-istaklari va takliflari asosida mamlakatimiz Konstitutsiyasiga inson qadrini yuksaltiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi esa davlatimizning insonparvar va xalqparvar siyosatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Farida XAQBERDIEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech