Xalq fikri – jamiyat rivojining asosiy ko‘zgusi

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida “O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminarining xalqaro majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi. Seminar majlisi akademik olima Ra’no Ubaydullayeva nomidagi yillik sotsiologik o‘qishlari doirasida o‘tkazildi.

Seminarda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik, professor Qalandar Abdurahmonov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva va boshqalar yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ygan mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” tamoyili ustuvor o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Davlat, jamiyat rivojining zamonaviy bosqichida mamlakatdagi o‘zgarishlar va voqealarga fuqarolarning munosabati, jamoatchilik fikrini, qabul qilinayotgan qarorlarga aholining bahosini aniqlashga oid sotsiologik tadqiqotlar, so‘rovlarni o‘tkazish ham g‘oyat dolzarbdir.

Jamoatchilik fikri so‘rovlari fuqarolik jamiyatining odamlar ijtimoiy kayfiyati, orzu-umidlarini aks ettiruvchi, uzatuvchi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga siyosiy sohada, biznes, mamlakat ijtimoiy hayotida to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda ko‘maklashuvchi muhim vositadir.

Xalqaro seminarda ta’kidlanganidek, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekistonda birinchilar qatorida jamoatchilik fikrini o‘rgana boshladi. Hozirgi kunda mazkur markaz jamiyat hayotining turli masalalari bo‘yicha mamlakat fuqarolarining fikri va tasavvurlarini o‘rganishga oid dolzarb mavzudagi tadqiqotlarni o‘tkazib kelmoqda.

– “Ijtimoiy fikr” markazi qisqa vaqt davomida jamoatchilik fikrini keng o‘rganishda muhim maydon va O‘zbekistonning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi, – dedi Qozog‘iston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Zarema Shaukenova. – Jamoatchilik fikrini o‘rganishga doir tadqiqotlarda atoqli o‘zbek olimasi Ra’no Ubaydullayevaning hissasi beqiyosdir. Zero, O‘zbekistonda ilm-fanda ayollarning o‘rni doim zalvorli bo‘lib kelgan.

– Men “Ijtimoiy fikr” markazining uchrashuv va anjumanlarida bir necha marta ishtirok etmoqdaman, – dedi “Sotsiologicheskiye issledovaniya” jurnali tahrir kengashi raisi, Rossiya Gumanitar universiteti sotsiologiya kafedrasi mudiri, Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir-a’zosi Jan Toshenko. – Ushbu markaz o‘z tadqiqotlari sababli Rossiya Federatsiyasida ham ma’lum va mashhurdir. Bunda Ra’no Ubaydullayeva olib borgan tadqiqotlarning o‘rni katta. O‘zbekistonlik sotsiologik tadqiqotchilarning yutuqli tomoni shundaki, ular iqtisodchilar, demograflar bilan doimiy uzviy hamkorlik qiladilar.

– “Ijtimoiy fikr” markazi bugungi kunda mamlakat hayoti uchun eng kerakli institutga aylandi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva. – O‘zbekistonda sotsiologiya fanining rivojidagi ilk bosqichi bilan uning hozirgi taraqqiyot davri o‘rtasida juda katta farq bor. “Sotsiologik tadqiqotlar nima uchun kerak? Ularning natijalari qanday bo‘ladi?” degan savollarga o‘rin qolmadi. Respondentlar jamoatchilik fikrini o‘rganish mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishini teran anglamoqda. Negaki, sotsiologik tadqiqotlar davlat va jamiyat rivoji uchun g‘oyat muhim bo‘lishi bilan birga odamlar, jamiyat hayotini tartibga soluvchi asosiy omildir.

Darhaqiqat, o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatimizdagi bir qator oliy ta’lim dargohlarida sotsiologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu boradagi milliy kengashlar, tadqiqot markazlari, ilmiy nashrlar soni ortdi. O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. bugungi kunda ijtimoiy so‘rovnomalar, odamlarning fikr va kayfiyati, mulohazalarining markaz tomonidan puxta o‘rganilishi muhim davlat dasturlari, qonun hujjatlarining qabul qilinishida o‘ziga xos o‘rin tutmoqda.

Seminarda “Ijtmoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Nigina Rahimovaning “Yangi O‘zbekiston: O‘zbekiston jamiyatining zamonaviy jarayonlariga sotsiologik nigoh” nomli ma’ruzasi tinglandi. Unda ta’kidlanganidek, mamlakatning suveren taraqqiyoti, “Yangi O‘zbekiston” Konsepsiyasining amalga oshirilishi sharoitida milliy xususiyatlar va mentalitetni har tomonlama inobatga olgan holda metodologik asoslarga tayanib jamoatchilik fikrini muntazam monitoring qilish muhimdir. Bu esa jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologiyasini doimiy tarzda takomillashtirib borishdek dolzarb vazifani ilgari suradi.

Sotsiologik tadqiqotlar natijalari demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishda va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida mamlakatimizning yanada rivojlanishi istiqbollariga oid jiddiy mulohazalar va fundamental nazariy xulosalar uchun muhim amaliy material bo‘lib hisoblanadi.

Seminarda “O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish: qadamma-qadam” monogirafiyasi, akademik Ra’no Ubaydullayeva nomidagi 1-sotsiologik o‘qishning ilmiy maqolalari to‘plami “Yangi O‘zbekiston: O‘zbekiston jamiyatining zamonaviy jarayonlariga sotsiologik nigoh” mavzusidagi yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi faoliyatining 25 yilligi munosabati bidan xodimlar va hamkor tashkilotlar, ularning vakillari taqdirlandi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech