XORIJIY ILMIY MANBALARDAN QANDAY FOYDALANISH KERAK?

Joriy yil 3 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Zamonaviy ta’lim rivojida xorijiy ilmiy-ta’limiy manbalardan  foydalanish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “INFOLIB O‘zbekiston – 2022” XI Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqotchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Anjuman doirasida nufuzli xalqaro axborot kompaniyasi – EBSCOning Rossiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi bo‘yicha vakili Aleksandr Ritovning “EBSCO kompaniyasining elektron resurslari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Ishtirokchilarga ilmiy va ta’limiy axborot tarqatishga ixtisoslashgan ushbu yetakchi kompaniyaning  bugungi kundagi faoliyati va ish uslubi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ma’ruza yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

 Shuningdek, seminarda ilmiy elektron bazalardan foydalanish, ularga obuna bo‘lish, ilmiy tadqiqot uchun zarur manbalarni to‘g‘ri tanlash bo‘yicha foydali bilimlar taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 20 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Memorandumda o‘zaro hamkorlikda ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Xususan, “Zamonaviy ta’lim rivojida xorijiy ilmiy-ta’limiy manbalardan  foydalanish” mavzusida o‘tkazilgan ushbu seminar ana shunday tadbirlar jumlasiga kiradi.

 

Hamidullo Mo‘minov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi “Inson huquqlari uyi” mas’ul xodimi

Powered by GSpeech