O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq tomonidan tashkil etilgan “Parlamentda jamoatchilik muhokamalarining o‘rni: Eng chekka hududlardagi jamoatchilikkacha yetib borish” mavzusiga bag‘ishlangan vebinarda ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo mamlakatlar parlament a’zolari o‘z mamlakatlarida chekka hududlardagi aholi va jamoatchilik bilan ishlash hamda parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan uslub, tajribalar bilan o‘rtoqlashishdan iborat.
Vebinarda Serbiya, Janubiy Afrika va Avstraliya parlamentlari a’zolari o‘z mamlakatlaridagi parlamentning aholi va jamoatchilik bilan ishlash borasidagi tajribalari aks ettirilgan taqdimotlarni namoyish etishdi.
Jumladan, Janubiy Afrika Respublikasi parlamenti deputati ma’lumot berishicha, mamlakatning eng chekka hududlaridagi aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda aholi tomonidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tizimli ravishda qabul qilish maqsadida joylarda parlament ofislari tashkil etilgan. Serbiya Respublikasida esa parlament qo‘mitalarining yig‘ilishlari keng jamoatchilik vakillari jalb etilgan holda hududlarda o‘tkazilayotgani, Avstraliyada esa chekka hududlardagi maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarining siyosiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ta’lim dasturlari ishlab chiqilganligi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Vebinar yakunida parlamentariylarga keng jamoatchilik bilan ishlashda barcha aholi qatlamlarini, jumladan etnik kamchiliklarni qamrab olish, yoshlar bilan ishlash va ularning muammolariga alohida e’tibor qaratish hamda samarali muloqot maydoni tashkil etish maqsadida zamonaviy va raqamli texnologiyalardan foydalanish borasidagi taklif-tavsiyalar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 14.11.2022
- Ko'rishlar: 4767
- Chop etish