26 mingdan ortiq mahkum jazo muddatini o‘tamoqda, ularga qanday sharoitlar yaratilgan?

Mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalash, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada bir qator qonun hujjatlari hamda kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi.

Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini aniq ifoda etilishini ta’minlash maqsadida maxfiy hisoblangan ayrim ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritildi. Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijtimoiy xavfi hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi. Umumiy, qattiq, maxsus, turma tartibli va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvlari, uchrashuvlari hamda jo‘natma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobar ko‘paytirildi.

Ayni paytda mamlakatimizda mavjud bo‘lgan 54 ta jazoni ijro etish koloniyasidan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalaridir. Jazoni ijro etish tizimida 26 mingdan ortiq, shundan 8 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 18 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Deputatlar, Vazirlar Mahkamasining Harbiylashtirilgan tuzilmalarning faoliyatini moliyaviy va moddiy texnik ta’minlash bo‘limi, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti, Bosh prokuratura va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning mas’ul xodimlari hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi. Jinoyat ijroiya kodeksiga jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibini belgilovchi yangi norma kiritilib, mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi. 

 

Mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning olis masofadan keluvchi yaqin qarindoshlari ovoragarchiligiga barham berish maqsadida masofali uchrashuv xonalari tayyorlandi. Kam ta’minlangan oila vakili bo‘lgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar yuqori haq to‘lanadigan ishlarga jalb etilishi ta’minlandi.

— Jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlarning huquq va erkinliklariga rioya etish, ularga munosib sharoitlarni yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, xalq tomonidan «toshturma» deb atalib, salbiy ta’riflangan UYA 64/1 tergov hibsxonasi yopildi, — dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova. — Uning o‘rniga xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yangi 1-son tergov hibsxonasi qurilib, 2018 yilda foydalanishga topshirildi. «Jasliq» koloniyasi tugatildi va unda saqlangan mahkumlar respublikaning boshqa koloniyalariga o‘tkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga jazoni ijro etish koloniyalariga hech qanday moneliksiz kirish huquqi berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning mavjud muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalarida Ombudsmanga, prokurorga murojaatlari, ariza hamda shikoyatlari uchun mo‘ljallangan alohida pochta qutilari o‘rnatilgan. Qonunlarga rioya etilishini muntazam ravishda monitoring qilib boryapmiz. Mazkur jarayonlarda mahkumlarning murojaatlarini ham tinglab, tegishli tartibda choralar ko‘rishga harakat qilyapmiz.

Kengaytirilgan yig‘ilishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) tomonidan 2020 yil va 2021 yilning 1-chorak davomida jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari natijalari, mahkumlardan kelib tushgan murojaatlar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolarining joylardagi o‘rganishlar natijalari va tahliliy ma’lumotlari muhokama qilindi. Ayrim xato va kamchiliklar, uning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash, jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech