Milliy markazda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Yevropa va Markaziy Osiyo sektori rahbari Xulan Sedev bilan 2022 yil 11 noyabrda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida erishgan yutuqlari muhokama etildi.

Muloqotda delegatsiya a’zolari – BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo‘yicha mas’ul xodimi D.Jelaber, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi rahbari o‘rinbosari F.Piana va mazkur mintaqaviy bo‘limning Toshkent shahridagi Milliy muvofiqlashtiruvchisi G.Amonova ishtirok etdi.

A.Saidov mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib borish, shuningdek, O‘zbekiston zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlar bajarilishining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Xususan, 2022 yilda O‘zbekiston hukumati inson huquqlari sohasidagi uchta xalqaro shartnoma yuzasidan BMTning tegishli qo‘mitalariga davriy ma’ruzalar taqdim etdi. Bu o‘rinda BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarni tugatish bo‘yicha qo‘mitasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi hamda Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim etilgan milliy hisobotlar haqida so‘z bormoqda.

Muloqotda Oliy Majlisning inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyati xususida alohida so‘z yuritildi. Ushbu Komissiyaning Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi bajarilishiga ko‘maklashish doirasidagi faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Milliy markaz direktori, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga amal qilinishi yuzasidan davriy ma’ruzalar tayyorlash va taqdim etish jarayonlariga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalab etish amaliyoti haqida so‘zlab berdi. Mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro shartnomalarni bajarish bщyicha muqobil ma’ruzalar tayyorlash tajribasi ham ahamiyatga egaligi qayd etildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi delegatsiyasi a’zolari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan yaqin aloqalari o‘z samaralarini berayotgani haqida so‘z yuritdilar. O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlikda ish olib borayotgani muhimligi ta’kidlandi.

X.Sedev O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum o‘tkazish tashabbusi amalga oshirilayotgani bilan tabrikladi.

Uchrashuv yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni 2023 yilda izchil davom ettirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech