Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi deputati, “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlalaro hamkorlik guruhi rahbari O.Mesten bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalarda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar haqida so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, O.Mesten hozirgi paytda ikki davlatlar o‘rtasida parlamentlararo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda an’anaviy do‘stlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat o‘rnatilganini ta’kidladi.
Turkiy davlatlar orasida O‘zbekistonning o‘ziga xos o‘ringa egaligi, Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham nufuzi, madaniy me’roslarga boyligi bilan muhim ahamiyatga ega ekani, Turkiya O‘zbekistonni qat’iy va ishonchli sherik sifatida bilishini bildirdi.
O.Mesten 10-11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti haqida to‘xtalar ekan, uning aynan A.Temur, Imom al-Buxoriy kabi buyuk tarixiy shaxslarning yurti Samarqand shahrida o‘tkazilishi turkiy dunyo qardosh xalqlarining o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashda ramziy ma’noga egaligini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida joriy yil dekabr oyida “Do‘stlik guruhlari”ning onlayn uchrashuvi hamda 2023 yilning birinchi choragida “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaatlari yo‘lida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 15.11.2022
- Ko'rishlar: 4924
- Chop etish