16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

YuNESKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrdagi 28-sessiyasida qabul qilingan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon mazkur hujjat qabul qilingan sana, 16 noyabr – har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad  dunyo xalqlarini bag‘rikenglikka, tinchlikni asrab-avaylashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishishga chorlashdir.

Ushbu sanani O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Ayni kunlarda yurtimizda Xalqaro bag‘rikenglik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston – ko‘pmillatli mamlakat. Zero, shu aziz Vatan – barchamizniki. Bu zaminda asrlar mobaynida turli millat va elat vakillari qo‘lni-qo‘lga berib, yelkama-yelka yashab kelmoqda. Yurtimizda millatlararo totuvlik, dinlaraaro bag‘rikenglik muhiti hukmron.

Xalqimiz odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda.

Jamiyatimizda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilib, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi tamoyil kundalik faoliyatning asosiga aylandi. Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik. Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”.

Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi yettita ustuvor yo‘nalishning har biri bo‘yicha amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

O‘zbekiston ko‘plab xalqaro tashkilotlar va jahon davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni amalga oshirmoqda. Shu tariqa yurtimiz hayotbaxsh islohotlari, demokratik o‘zgarishlar yo‘lida sobitqadamligi, mustaqil ichki va tashqi siyosati bilan dunyo xalqlarining hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekistonning taraqqiyot, ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslari  xalqaro  hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlash lozim. Bunga birgina misol: O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  taklifiga ko‘ra, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Ma’rifat  va  diniy  bag‘rikenglik” rezolyusiyasi mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo 193 mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 11 iyuldagi 76-sessiyasida qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo uzviy bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan olamshumul qadamdir. Bu zalvorli qadam, albatta, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev  ilgari surgan ulkan birdamlik g‘oyasiga uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri prognoz qilish qobiliyatining hosilasi sifatida yuksak baho berganini anglatadi.

Xalqaro huquq, huquqiy madaniyat va milliy qadriyatlar haqida gap borganda, avvalo, ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, oliyjanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olganini alohida e’tirof etish lozim. Zotan, Asosiy Qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini o‘zida yaqqol aks ettiradi.

Konstitutsiya – tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Chunki u inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha asosiy g‘oya va qoidalarini o‘ziga singdirgan. Shu bois Asosiy Qonunimiz umuinsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev  siyosati tufayli Konstitutsiyaning 28-moddasida mustahkamlangan insonning shaxsiy huquq va erkinliklarini amalga oshirishi uchun keng qulayliklar tug‘ildi. Ya’ni, yurtdoshlarimizning xorijiy mamlakatlarga chiqishi osonlashdi. Chet el safarini istaganlar uchun stiker olish tartibi bekor qilinib, o‘rniga «qizil pasport» joriy qilindi.

Shuni  alohida  ta’kidlash  joizki,  2019  yildan  buyon  O‘zbekiston Suriya,  Iroq  va Afg‘onistondagi  ayollar  va bolalarni  qaytarish bo‘yicha  beshta  «Mehr»  operatsiyasini  o‘tkazdi.  Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi.

Xalqaro  ekspertlarning  fikricha,  bu  sa’y-harakatlar  bolalarni jabrlanuvchilar  sifatida  tan  olishga  hamda  bolalar  va ayollar  uchun gender  masalalari  inobatga  olingan  hamjamiyatlar  darajasidagi reintegratsiya  dasturlari  yordamida  ularning  shaxsiy  manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Vataniga  qaytib  kelgan  bolalar,  ayollar  va oilalarning  jamiyatga qaytadan  integratsiyalashuvi,  bir  tomondan,  ularning  ijtimoiy jihatdan  yakkalanib  qolishiga  barham  bersa,  ikkinchi  tomondan, jamiyatda kambag‘allikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.

Har bir inson davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipiga guvoh bo‘lmoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida, odamlar qalbida, ongu shuurida namoyon bo‘layotgan mehr-oqibat, muruvvat, bag‘rikenglik kabi fazilatlar va yurtdoshlarimizning ertangi kunga yuksak ishonchi buni to‘la tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida o‘tkaziladigan Global forum BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlanishi ham bejiz emas.

Binobarin, mazkur Deklaratsiyada ta’kidlanganidek, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsi va qadr-qimmatini har tomonlama rivojlantirishga, barcha shaxslarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchisi bo‘lishiga imkon berishi va barcha millatlar, barcha irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik va xavfsizlikni saqlash, taraqqiyot va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha ishiga ko‘maklashishi lozim.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech