2022 yil 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “O‘zbekistonda ma’muriy ish yuritishni takomillashtirishning ilmiy-amaliy muammolari” mavzusida respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, professor A.To‘laganov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, ma’muriy sud ishini yuritish zamonaviy huquqshunoslikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekaniga e’tiborni qaratdi. Bu boradagi ilmiy izlanishlar O‘zbekistonda huquqshunoslik rivojiga muhim hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda yetakchi mutaxassislar – Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi Jo‘rabek Ne’matov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi professori Erkin Hojiev, Oliy sud katta maslahatchisi Shahnoza Ahatova, Sudyalar oliy maktabi “Ma’muriy huquq” kafedrasi dotsenti Dilmurod Ortiqov, Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimlari Yaroslav Kvitkov va Ravshan Nazarovning ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalarda O‘zbekistonda ma’muriy sud ish yuritishning ilmiy va amaliy muammolari hamda asosiy tamoyillari; sud amaliyoti tahlili; prokurorlarning ma’muriy sud ish yuritishda ishtirok etishi xususiyatlari; ma’muriy sudlar uchun sudyalarni tayyorlash tizimini isloh qilish; ma’muriy javobgarlikni ta’minlashda ichki ishlar organlarining roli; ma’muriy sud ish yuritish sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va bu tajribani O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari tahlil qilindi.
Ma’ruzalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Davlat va huquq instituti ilmiy kotibi Shavkatjon Rahmatullaev, katta ilmiy xodim Qahramon Umidullaev va boshqalar ayni mavzular yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiya onlayn va oflayn shaklda o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston, Namangan Samarqand, Termiz davlat universitetlari yuridik fakultetlari dekanlari va professor-o‘qituvchilari ham muhokamalarda faol ishtirok etishlariga imkoniyat yaratdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.11.2022
- Ko'rishlar: 6054
- Chop etish