O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTIDAGI IJOBIY O‘ZGARISHLAR VA MAMLAKATDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN KENG QAMROVLI ISLOHOTLAR JAHON SARMOYADORLARINING DIQQAT-E’TIBORINI TORTMOQDA
16 noyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlatimiz rahbari huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda davlatimiz rahbari nutq so‘zladi. Ushbu maslahat organining birinchi sessiyasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli investitsiya hamkorligini yanada kengaytirish, mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlarda aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Suez”, “Calik Holding”, “Cengiz Enerji”, “Halyk Bank”, “VEON Group”, “TBC Bank”, Abu-Dabi taraqqiyot fondi, “ACWA Power”, “Zeppelin International AG”, “EDF”, “AME International”, “CNH Industrial”, “Youngone Corporation”, “Procter & Gamble”, “Mitsui”, “Sojitz Generation DMCC”, “KIA Motors”, “General Electric”, “John Deere”, “Silverleafe”, “Knauf”, “White & Case” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar — Jahon banki, Xalqaro moliyaviy korporatsiya, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki vakil-lari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim tashabbuslari xorijiy ijtimoiy-siyosiy, ekspert doiralar vakillari, xususan, ommaviy axborot vositalari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Chjou XUI,
Xitoy Doridarmonlar va sog‘liqni saqlash mahsulotlari savdo-sanoat palatasi raisi:
— Mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlar, birinchi navbatda, inson qadrini oshirishga qaratilganligini, mahalliy va xorijiy investorlar teng huquqlar asosida biznes qilishi uchun imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholayman.
O‘zbekiston Prezidentining investorlarga berayotgan katta e’tibori yurtingizga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlarga ishonch va kuch bag‘ishlamoqda.
Bizning palata so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Yaqin oylarda o‘z a’zolarimiz bilan O‘zbekistonga borib, yangi investloyihalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Aminmanki, mamlakatingizga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar, jumladan, Xitoy kompaniyalari sarmoyalari hajmi yildan-yilga ortib boradi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib, ikki davlat ravnaqi uchun xizmat qiladi.
Ramon MANESKU,
Yevroparlamentning sobiq a’zosi, Ruminiya Tashqi ishlar va transport vazirligining sobiq rahbari:
— Men Yevroparlamentning sobiq deputati, Ruminiya Tashqi ishlar va transport vazirligining sobiq rahbariman. Xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib boraman.
O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar Yevropa nuqtai nazaridan qanday rivojlanayotganini ko‘rib, juda xursand bo‘laman. Yevropa komissiyasi, Yevropa kengashi, Yevropa tashqi harakatlar xizmati tomonidan O‘zbekistonga nisbatan ortib borayotgan qiziqish dinamikasi ijobiy bo‘lib, bu respublika bilan yaqinlashishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ishonchim komilki, biz o‘zaro manfaatli asosda yaqin hamkorlikka intilishimiz kerak. Markaziy Osiyo mintaqasi, albatta, bizning yaqin qo‘shnimiz emas, lekin boy madaniyatga ega ushbu mintaqa bilan bizni umumiy manfaatlar bog‘lab turadi. Menimcha, biz ushbu mintaqaga ko‘proq sarmoya kiritishimiz zarur.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilari va Yevropa davlatlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar ko‘lami meni hayratda qoldirdi. Menimcha, biz O‘zbekistonda yuzaga kelayotgan har bir imkoniyatni diqqat bilan ko‘rib chiqishimiz kerak. Chunki bu umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan mamlakatlarning yaqinlashuvida ijobiy ta’sirga ega bo‘ladi. O‘zbekiston yanada yaqinroq va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘lgan markaziy davlatdir. Ishonchim komilki, bizning umumiy kelajagimiz bor!
Daliya ALKATIRI,
“Alpha Group” kompaniyasi ijrochi direktori, Malayziyadagi o‘zbek mahsulotlari shourumi asoschisi:
— Avvalo, Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashining tashkil etilgani davlat rahbarining oqilona va keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidlashni istar edim. Chunki bu qadam, birinchi navbatda, mamlakat iqtisodiyoti va xalq farovonligini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar, jumladan, mamlakat iqtisodiyotining ochiqligini ta’minlash hamda uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga barham berish, investorlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi tadbirlar o‘z mevasini bera boshladi.
Global moliyaviy beqarorlik va inqirozlarga qaramay, O‘zbekistonda 2021 yili iqtisodiy o‘sishning ijobiy dinamikasi 7 foizdan oshdi.
Qulay sarmoyaviy muhit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar oxirgi 5 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar hajmining 10 barobar o‘sishiga xizmat qilgani, bu esa bugungi kunda qariyb 40 milliard dollarni tashkil etishi quvonarli holdir.
Men O‘zbekistonda ko‘p marotaba bo‘lganman. Faqat joriy yilning o‘zida respublikaning turli hududlariga uch marta safar qildim. Men “Alpha Group” kompaniyasi ijrochi direktori, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Malayziyadagi rasmiy vakili va Kuala-Lumpurdagi o‘zbek mahsulotlari shourumining hammuassisi sifatida ham mamlakatingiz bilan sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorman. Tog‘-kon sanoati sohasida qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish rejalarimiz bor.
Yaqinda biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Malayziya bozoriga “Bonaff Crunchy” savdo belgisi ostida 10 ming qadoqdan ortiq hajmdagi muzlatilgan quruq meva va rezavor mevalarning birinchi turkumini yetkazib berdik. O‘zbekiston mahsulotlarining navbatdagi turkumini jo‘natish 2023 yilning yanvariga mo‘ljallangan.
Ishonchim komilki, Yangi O‘zbekistonda investorlar o‘zlarini erkin his qiladi va ertangi kunga ishonch bilan qaraydi.
Ma XONGCHANG,
Xitoyning energetika sohasida sarmoyalar kiritish bilan shug‘ullanuvchi “China Datang Overseas Investment” kompaniyasi vakili:
— So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar va yurtingizdagi keng qamrovli islohotlar dunyo sarmoyadorlari e’tiborini tortayotganini ta’kidlashni istar edim.
Bugungi kunda Xitoyning ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Buning asosiy sababi yurtimizda yaxshi investitsiya muhiti yaratilayotgani va xorijiy sarmoyadorlar huquqlari himoya qilinayotganida, deb hisoblayman.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida investorlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratib, Kengash huzurida Investorlarning huquqlarini himoya qilish qo‘mitasini tuzishni taklif etgani kelgusida mamlakatga yanada ko‘proq sarmoyadorlar kelishi jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 18.11.2022
- Ko'rishlar: 4937
- Chop etish