Joriy yil 21 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar salohiyatini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida mintaqaviy seminar o‘z ishini boshladi. Ushbu ikki kunlik tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman BMT Taraqqiyot dasturining Istanbul shahridagi mintaqaviy markazi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘lmi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – mintaqada inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish borasida mavjud muammolarni inobatga olgan holda, Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar salohiyatini rivojlantirishga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatishdan iborat.
Mintaqaviy seminarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham bor. D.Muratova anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqdi va o‘z ma’ruzasini taqdim etdi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari Global alyansi akkreditatsiyasi, mazkur institutlarning BMT inson huquqlari mexanizmlari bilan o‘zaro hamkorligi, nizoli vaziyatlarda yuzaga keladigan mintaqaviy muammolar va o‘zaro bog‘liq zaifliklarga nisbatan inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli, iqlim o‘zgarishi va biznes jarayonida inson huquqlari himoyasini ta’minlash mavzularidagi ma’ruzalar tinglanmoqda.
Mazkur seminar Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, boshqa mintaqalardagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning ilg‘or amaliyotlari bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.
Yig‘ilish doirasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari forumi ekspertlari hamda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, BMTning tegishli tuzilmalari vakillari ilg‘or tajribalarini taqdim etmoqda.
Ma’lumot uchun: Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Markaziy Osiyo tashabbusi 2016 yil noyabr oyida BMT Taraqqiyot dasturining Istanbul shahridagi mintaqaviy markazi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi ko‘magida tashkil etilgan platformadir. Ushbu mintaqaviy tushubbusda Markaziy Osiyoning beshta davlati inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarining ham munosib o‘rni bor.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.11.2022
- Ko'rishlar: 4911
- Chop etish