Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi holati o‘rganildi

2022 yil 21 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlarining Toshkent viloyati, Toshkent tumani aholisi bilan uchrashuvida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi ahvoli bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi      qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida tashkil etildi. Unda Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi vakillari qatnashdi.

Toshkent tumanining 2-sektorida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, xotin-qizlarni qo‘llab- quvvatlash bo‘limi, tumandagi xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar, tibbiyot, xalq ta’limi tizimlari mas’ul shaxslari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari va maslahatchilari hamda 70 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi.

Uchrashuvda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik, uning ijrosini ta’minlashga va nazorat qilishga mas’ul idoralar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati bo‘yicha tushunchalar berildi. Shundan so‘ng fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqot asnosida 20 nafardan ortiq fuqaro turli masalalar bilan murojaat qildi. Ayrim murojaatlar sektor vakillari tomonidan 3-5 kun ichida hal qilinadigan bo‘ldi.

Viloyat hamda respublika idoralari miqyosida hal etilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar Milliy markazda o‘rganib chiqilib, tegishli idoralarga tavsiyalar kiritilishi haqida murojaat egalariga ma’lumot berildi. Bu o‘rinda yashab turgan turar-joyni xususiylashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash, MFY xodimlarining ish haqiga 30 foizlik ustama to‘lanishi kabi masalalar haqida so‘z bormoqda.

 

Otabek Norboev,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech