Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti yakunlariga bag‘ishlangan onlayn konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, TDT Bosh kotibi o‘rinbosari Gismat Gozalov turkiy sivilizatsiya poytaxti Samarqandda o‘tkazilgan anjuman ushbu tuzilma faoliyatida tarixiy burilish nuqtasiga aylanganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbir turkiy davlatlarning yanada chuqur integratsiyalashuvi jarayonini boshlab berdi, shuningdek, O‘zbekistonning TDTga raisligiga muhim turtki berdi.
G.Gozalov ta’kidlaganidek, ushbu muhim siyosiy tadbir davomida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi va Tashkilotning iqtisodiyot, transport va institutlashish sohasida qator ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi. A’zo davlatlar mintaqaning butun iqtisodiy va tranzit salohiyatidan foydalangan holda savdo aloqasini chuqurlashtirishga intilmoqda.
- Tarixiy qardoshlik, til va madaniy aloqalar yaqinligi hamda noyob geografik joylashuv tufayli TDT makoni Yevroosiyo qit’asi va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shadigan, sezilarli siyosiy va iqtisodiy foyda keltirishni va’da qiladigan yangi geosiyosiy voqelikka aylanmoqda. – deya so‘zini yakunladi Bosh kotib o‘rinbosari.
G‘.Xonnazarov yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 23.11.2022
- Ko'rishlar: 5049
- Chop etish