Maktabda Mustaqillikning 30 yilligiga bag'ishlangan mushoira o'tkazildi

6 mart kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 28-sonli o'rta umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan mushoira bo'lib o'tdi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati tomonidan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati bo'limi, Jizzax viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi va Baxmal tumani Xalq ta'limi bo'limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” mavzuidagi turkum axborot-ma'rifat tadbirlari doirasida o'tkazilgan ushbu mushoirada maktab o'qituvchilari va o'quvchilari Vatanni sevish va ulug'lash, xalqimizga munosib farzandlar bo'lish, Istiqlolni qadrlash hamda ko'z qorachig'idek asrab-avaylash mavzularida she'rlar o'qidi.         

Ayniqsa, navqiron havaskor qalamkashlar – 9-sinf o'quvchisi Sarvinoz Sa'dullaeva va 8-sinf o'quvchisi Sirojiddin Karimovning she'riy mashqlari nazm anjumani ishtirokchilariga manzur bo'ldi.

Jizzaxlik iqtidorli shoirlar, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari – Yoshlar ishlari agentligi Baxmal tumani bo'limi faoli Beknazar Qorajonov va "Mard o'g'lon" davlat mukofoti sovrindori Sayfiddin Okanov o'z she'rlari bilan davraga yanada fayz kiritdi.

Tadbir doirasida O'zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a'zosi, shoir va tarjimon G'ulom Mirzoning "Otamning bog'i" she'riy kitobi va "Jahon adabiyoti durdonalari: Lotin Amerikasi adabiyoti" tarjimalar to'plamining taqdimoti o'tkazildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech