Xalqimizda “Ozoda joyda fayzu baraka va sihat-salomatlik bo'ladi”, degan hikmatli naql bor. Ota-bobolarimiz azal-azaldan ushbu serma'no naqlga amal qilib, xonadonlarni, mahallayu bozorlarni, ariqu soylarni tozalash, erta bahorda daraxt ko'chatlarini ekib, atrof-muhitni ko'kalamzorlashtirish maqsadlarida hasharlar tashkil etishgan. Donishmand xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri sifatida hashar tashkil etish odati asrlardan asrlarga o'tib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navro'z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish maqsadida 2021 yilning 13 mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o'tkazishga doir tegishli farmoyishi ham xalqimizga xos hashar tashkil etishdek ezgu milliy qadriyat hali-hamon o'z ahamiyatini yo'qotmaganidan dalolat beradi.
13 mart kuni mamlakatimizda o'tkazilgan umumxalq xayriya hasharida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi ham faol ishtirok etib, yurtimiz obodligi va ko'rkamligiga o'zining munosib hissasini qo'shdi.
Markazning mehnatsevar xodimlari ko'chalarni supurib, daraxtlarni oqlashdi. Daraxtlar tagini yumshatib, mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini ekishdi.
Umumxalq xayriya hasharini Markaz xodimlari ahillik, hamjihatlik va ko'tarinki kayfiyatda o'tkazishdi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali xodimi
- Qo'shildi: 13.03.2021
- Ko'rishlar: 4404
- Chop etish