Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta'lim berish faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan turli tashkilot va muassasalarning kutubxonalariga huquqiy, adabiy-badiiy va falsafiy-tarixiy mavzudagi kitoblar muntazam ravishda beg'araz taqdim etib kelinmoqda.
Keyingi kunlarda ushbu ezgu faoliyat O'zbekistonda ilk bor o'tkazilayotgan «Kitobxonlik haftaligi» bilan hamohanglikda olib borildi. Natijada Markaz tomonidan 2 mingtadan ortiq kitob beg'araz tarqatildi.
Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda joriy yilda chop etilgan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonunning Brayl yozuvidagi nashrlaridan iborat 750 ta kitob quyidagi tashkilot va muassasalarga bepul yetkazib berildi:
O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi;
O'zbekiston nogironlar jamiyati;
O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati;
Imkoniyati cheklangan bolalar va
yoshlar Respublika markazi;
Toshkent shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi qoshidagi 77-sonli ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat;
“Inklyuziv hayot” O'zbekiston Respublikasi nogironlar jamoat birlashmasi;
“Umidvorlik” Imkoniyati cheklangan bolalarni va ularning ota-onalarini qo'llab-quvvatlash markazi.
Shuningdek, o'zbek, rus va ingliz tillaridagi 1 ming dona kitob O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot-resurs markaziga beg'araz taqdim etildi. Ushbu kitoblarning asosiy qismi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan nashrga tayyorlangan va chop etilgan.
Mamlakatimiz hududlaridagi kutubxonalarga ham Markaz tomonidan kitoblar yetkazilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati A.S.Pushkin nomidagi Axborot-kutubxona markaziga 166 ta kitob taqdim etildi.
Markaz taqdim etgan kitoblar orasida inson huquqlariga oid nihoyatda zarur huquqiy adabiyotlar, yangi nashrdan chiqqan badiiy, falsafiy-tarixiy asarlar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” ilmiy-ma'rifiy jurnali to'plami ham bor.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.04.2021
- Ko'rishlar: 4289
- Chop etish