24 iyun kuni O'zbekiston Parlamenti Ombudsmani Moskva shahrida "Yevroosiyo mintaqasida nogironlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb muammolari bo'yicha eng ilg'or xalqaro tajribalar almashinuvi" mavzusida o'tkazilgan Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining beshinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Xalqaro anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev ishtirok etdi.
Alyans yig'ilishiga Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kova moderatorlik qildi. Unda O'zbekiston Parlamenti Ombudsmani (kuzatuvchi sifatida), Armaniston, Qirg'iziston, Serbiya, Mongoliya, Qozog'iston, Eron va Tojikistonning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash, jumladan, ularga sog'liqni saqlash sohasida yetarli imkoniyatlarni yaratish bilan bog'liq dolzarb muammolarni hal etish bo'yicha eng samarali mahalliy va xorijiy amaliyotlar haqida ma'lumotlar berildi.
Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi yig'ilishida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqaro tashabbusi bilan O'zbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya ratifikatsiya qilingani va joriy yilda kuchga kirgani haqida ma'lumot berildi. Bunda O'zbekiston Respublikasi "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi Qonuni mazkur Konventsiya talablari asosida ishlab chiqilgani alohida qayd etildi.
Ma'lumot uchun: Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi mintaqadagi inson huquqlari himoyachilarining sa'y-harakatlarini birlashtiradigan birinchi Ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining o'zaro hamkorligini ta'minlab, o'z mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.
Yevroosiyo Ombudsmanlari Al`yansining beshinchi yig'ilishi yakunlariga ko'ra, Yevroosiyo mintaqasida nogironlar huquqlari kafolatlarini ta'minlash mexanizmlarini mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.06.2021
- Ko'rishlar: 3693
- Chop etish