Joriy yilning 6 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlab «Milliy parlamentarizmning shakllanishi va rivojlanishida Konstitutsiyaning o‘rni» mavzusida parlament konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Parlament konferensiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari, Qonunchilik palatasi huzuridagi «Yoshlar parlamenti» a’zolari hamda bir qator oliy o‘quv yurtlarining talabalari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yillik bayrami bilan samimiy tabriklab, Bosh qomusimiz demokratik suveren davlatimizning hurlik timsoli, millatimizning faxru iftixori, fuqarolarning huquq va erkinliklarining mustahkam kafolati ekanligini alohida ta’kidladi.
– So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida Konstitutsiyamizning tub mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolat, insonparvarlik tamoyillarini amalda ta’minlash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov. — O‘tgan qisqa davrda «inson huquq va erkinliklari», «qonun ustuvorligi», «ochiqlik va oshkoralik», «so‘z erkinligi», «din va e’tiqod erkinligi», «jamoatchilik nazorati», «xususiy mulk daxlsizligi» kabi konstitutsiyaviy qoidalar insonlar hayotiga chuqur kirib bordi.
Qayd etilganidek, «davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi» degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan samarali va barqaror tizim shakllandi.
Parlament konferensiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik A. Saidov milliy parlamentarizmning shakllanishi va rivojlanishida Konstitutsiyaning roli haqida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda vakillik organlarining rolini yanada kuchaytirish, Oliy Majlisning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xalqimizning xohish-irodasidan kelib chiqib, Konstitutsiyadagi qator normalar takomillashtirildi. Jumladan, davlat boshqaruvi yanada demokratlashtirildi, ijro hokimiyatining mas’uliyati oshirilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlash tartibi belgilandi.
Fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlarni o‘tkazish, fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi Konstitutsiya normalarida o‘z aksini topdi.
Tadbir ishtirokchilari konstitutsiyaviy rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga alohida e’tibor qaratgan holda, ko‘plab davlatlarda mamlakat va jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichida konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganligi, islohotlarning sifati va samarasi ko‘p jihatdan Konstitutsiya asosida yaratilgan huquqiy imkoniyatlar bilan bevosita bog‘liq ekanligini aytib o‘tdilar.
Tadbirda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida parlament vakillari, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish kerakligiga e’tibor qaratilganligi alohida ta’kidlandi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanligini, u erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib xizmat qilib kelayotganligini ta’kidladilar.
Parlament konferensiyasi yakunida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 07.12.2021
- Ko'rishlar: 4050
- Chop etish