Odam savdosiga qarshi kurashda ijtimoiy himoya tizimi kuchaytirilmoqda

Poytaxtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Xalqaro migrantlar kuni”ga bag‘ishlangan “Migratsiya va barqaror rivojlanish: barcha uchun huquqlar, himoya va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Unda migratsiya jarayonlari jadallashayotgan sharoitda odam savdosiga qarshi kurashish, jabrlangan shaxslarni himoya qilish hamda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga kompleks ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish masalalari alohida dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Ma’lumki, mazkur yo‘nalish  inson huquqlarini himoya qilish va «inson — islohotlar markazida» tamoyiliga asoslangan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Yagona va yaxlit ijtimoiy himoya tizimini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.  

Ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida ijtimoiy xodimlar hamda tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni muntazam o‘qitish, zamonaviy ish uslublari va xalqaro standartlar asosida qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida barqaror huquqiy baza shakllantirilgan. Asosiy hujjat sifatida 2020 yil 17 avgustda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri xizmat qiladi. Qonunda odam savdosining oldini olish, qurbonlarni aniqlash, himoya qilish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilishning aniq mexanizmlari mustahkamlangan.

– Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Prezidentning 2021 yil 30 iyuldagi tegishli farmoni bilan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etildi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Kuranov. – Komissiya ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish, idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish va chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.  

Shuningdek, odam savdosi qurbonlarini aniqlash va ularni ixtisoslashgan yordam tuzilmalariga yo‘naltirishni ta’minlovchi Qayta yo‘naltirish milliy mexanizmi amal qiladi. Reabilitatsiya tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatida faoliyat yurituvchi Odam savdosi qurbonlari uchun Respublika reabilitatsiya markazi belgilangan tartibda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Bu qaror ijtimoiy yordamning uzluksizligini ta’minlash, reabilitatsiyani ijtimoiy xizmatlar tizimiga integratsiya qilish hamda yagona keys-menejment standartlarini joriy etishga xizmat qilmoqda. Markaz jabrlangan shaxslarga vaqtinchalik xavfsiz joylashtirish, ijtimoiy, psixologik, huquqiy va tibbiy yordam, hujjatlarni tiklash, kasbiy tayyorgarlik, ishga joylashtirish va ijtimoiy reintegratsiya xizmatlarini ko‘rsatadi.

Markazning Agentlik tizimiga integratsiya qilinishi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va joylardagi ijtimoiy xodimlar faoliyati orqali shoshilinch yordamdan barqaror tiklanishgacha bo‘lgan yaxlit yordam zanjirini shakllantirish imkonini berdi.

Odam savdosi va migratsiya jarayonlari o‘zaro chambarchas bog‘liq. Norasmiy mehnat migratsiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy nochorlik, xavfsiz ishga joylashish kanallari haqida ishonchli axborotning yetishmasligi hamda ijtimoiy va huquqiy xizmatlarga kirish imkoniyatlarining cheklanganligi ekspluatatsiya xavfini oshiradi. Shu sababli mazkur muammo tizimli va xalqaro yondashuvni talab etmoqda.

Agentlik tizimi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar faoliyati orqali har yili o‘n minglab fuqarolar ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlardan foydalanmoqda.

Amaliyot ko‘rsatmoqdaki, professional ijtimoiy hamrohlik oilalarning ahvolini barqarorlashtirish, kambag‘allik va takroriy jabrlanishning oldini olishda samarali mexanizm hisoblanadi.

Hozirgi kunda odam savdosi qurbonlari uchun ijtimoiy xizmatlar standartlarini takomillashtirish, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini kuchaytirish, xalqaro hamkorlik va tajriba almashishni kengaytirishga qaratilgan yangi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Xalqaro konferensiya doirasida Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

18 dekabr — "Xalqaro migrantlar kuni" munosabati bilan imzolangan hamkorlik memorandumi migrantlar huquqlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni xalqaro tajriba asosida mustahkamlashga xizmat qiladi. Erishilgan kelishuvlar inson qadr-qimmatini himoya qilish, odam savdosining oldini olish va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq qo‘shma loyiha va dasturlar orqali amalga oshiriladi.

Shahnoza Mamaturopova,  

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA

Powered by GSpeech