Odil sudlov, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar bilan bog'liq masalalar takomillashtirilmoqda

2021 yil 24 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Davlatda kuchli sud hokimiyatining mavjudligi inson huquqlari va erkinliklarini to‘liq ravishda ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatini va demokratiyani barqaror rivojlantirish garovidir. Bu esa mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotni va investitsiyalarni jalb etish nuqtai nazaridan jozibadorligini ta’minlashdagi muhim omildir.

Senatorlar ta’kidlashicha, 1993 yil qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi amaldagi Qonuni mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sud tizimidagi isloxatlar to‘liq aks ettirilmagan va zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6034-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yuzasidan yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni ishlab chiqilgan.

Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun bilan odil sudlovning asosiy prinsiplari va sud hujjatlarini qayta ko‘rish tartibi takomillashtirilmoqda, sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda, sudyalik lavozimiga nomzodlar va saylanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda, sudyalarning intizomiy javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda, sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi aniqlashtirilmoqda hamda sudyalarni ijtimoiy himoyasi ta’minlanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonda sud tizimining faoliyat ko‘rsatish tartibini va sudyalar mustaqilligi kafolatlarini takomillashtirishga, sudyalik kasbining obro‘sini ko‘tarishga hamda davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosi ta’minlanadi.

Qo‘mita majlisda shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ushbu Qonunning hozirgi kunda dolzarbligi, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolarni kelib chiqishini oldini olishga xizmat qiladi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ta’kidlashicha, mazkur Qonun bilan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklarni va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olganligini asosida mamlakatimizda yashovchi millatlar va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turli diniy e’tiqodlari va his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlashning imkoni yaratiladi.

Qayd etilgan qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi va Senatning yalpi majlisiga tavsiya qilish bo‘yicha tegishli qo‘mitaning qarorlari qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi. Senatorlar ushbu Qonun qonunchilik normalariga va ayrim qoidalariga aniq tushuntirishlar berilmaganligi sababli Qonun Qo‘mita tomonidan uni rad etish haqida xulosaga kelindi.

Qo‘mita majlisida shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech