Ombudsman BMT Maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashdi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi.

Muloqotda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) Dilmurod Qosimov hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida 2019 yil tashkil etilgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari hamda penitensiar muassasalarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha shart-sharoitning xalqaro standartga moslashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, Ombudsmanning keyingi 10 oylik faoliyati haqida so‘z bordi.

Keyingi besh yilda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida, sud-huquq tizimida mamlakatimizda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etildi.

Konstruktiv ruhda kechgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Oliy Majlisning

Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)

matbuot xizmati

Powered by GSpeech