O‘zbekiston – AQSH: inklyuziv hamkorlik va parlamentlararo muloqotda amaliy qadamlar

Kuni kecha Vashington shahrida C5+1 formatidagi uchrashuv — AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi inklyuziv hamkorlik sammiti bo‘lib o‘tdi. C5+1 formatidagi hamkorlik ko‘plab soha va yo‘nalishlarda o‘zaro kelishuvlarga, umumiy taraqqiyotga zamin bo‘ladi. Ushbu formatdagi aloqalarda O‘zbekiston faollik ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.

— Bugungi kunda jahon siyosati yangi voqeliklar va yangi manfaatlar maydoniga aylanmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva. —  Geosiyosiy jarayonlar tobora murakkablashib, xavfsizlik, iqtisod va ekologiya sohalarida global hamkorlikning ahamiyati ortmoqda. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo mintaqasining o‘rni va roli alohida ahamiyatga ega.

Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi uchrashuv — AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi inklyuziv hamkorlik sammiti — mintaqa davlatlari uchun yangi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar imkoniyatlarni ochib bermoqda. Bunda “inklyuziv hamkorlik” tushunchasi shunchaki diplomatik ibora emas, balki barcha ishtirokchi davlatlar manfaatlarini inobatga olgan, teng huquqli muloqot orqali umumiy taraqqiyotga intilishni nazarda tutgan yangicha siyosiy madaniyat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Inklyuziv hamkorlikning muhim yo‘nalishi — iqtisodiy rivojlanish. O‘zbekiston bugun mintaqada yetakchi o‘rinni egallab, yangi sanoat salohiyatini rivojlantirmoqda. Amerikalik va xalqaro investorlar bilan qo‘shma loyihalar nafaqat iqtisodiy foyda, balki texnologiya, innovatsiya va ilm sohasida hamkorlikni ta’minlaydi.

5  noyabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns bilan uchrashdi. Bu uchrashuv nafaqat ikki davlat aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan, balki inklyuziv hamkorlik va parlamentlararo muloqot orqali amaliy natijalarga erishishga xizmat qiladi.

“C5+1” formati AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik maydonidir. Format nafaqat siyosiy muloqot, balki transport, energetika, raqamli iqtisodiyot, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik loyihalarda ham keng imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekiston bu jarayonda faol ishtirok etmoqda va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qadam qo‘ymoqda.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik ahamiyati alohida ta’kidlandi. Qonun chiqarish, investitsiya va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlik parlamentlar orqali rivojlantirilishi mumkin. Hududlararo mexanizmlar mahalliy hokimiyatlar va ishbilarmonlar ishtirokidagi loyihalarni samarali amalga oshirish imkonini beradi. Bu ham mintaqaviy ishonch muhitini mustahkamlaydi va iqtisodiy, ekologik loyihalarning amalga oshirilishini tezlashtiradi.

Uchrashuv natijasida O‘zbekiston – AQSH aloqalarida qator muhim kelishuv va yo‘nalishlar belgilandi: investitsiyalarni jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish, Montana shtati bilan hamkorlikni mustahkamlash va ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalari shular jumlasidan.

O‘zbekiston mintaqada yetakchi iqtisodiy va innovatsion davlat sifatida yangi sanoat, “yashil energiya” loyihalari va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatmoqda. Shuningdek, suv resurslari va ekologik muammolar — Orolbo‘yi mintaqasini tiklash, “yashil hududlar”ni yaratish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish — C5+1 formatidagi qo‘shma dasturlar orqali hal etilayotgan muhim masalalardan biridir.

O‘zbekiston C5+1 formati va inklyuziv hamkorlik doirasida nafaqat ishtirokchi, balki tashabbuskor davlat sifatida faol pozitsiyani saqlab qolmoqda. Uchrashuvlar natijasida amaliy kelishuvlar, qo‘shma loyihalar va parlamentlararo muloqot mexanizmlari belgilandi. Bu jarayonlar milliy va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sish va ekologik muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga ega.

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA

Powered by GSpeech