O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashida: ustuvor yo'nalishlar va hamkorlikning istiqbolli sohalari

28 aprel kuni Toshkentda “O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashida: ustuvor yo'nalishlar va hamkorlikning istiqbolli sohalari” mavzuida videokonferentsiya bo'lib o'tdi. Anjuman Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg'arma bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov konferentsiyada asosiy  ma'ruzachi sifatida ishtirok etdi va “Yangi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari” mavzuida nutq so'zladi.

Ta'kidlanganidek, O'zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi. An'anaga ko'ra, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida shu yil 22-24 fevral` kunlari Jeneva shahrida bo'lib o'tgan Yuqori darajadagi segment ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari haqida batafsil to'xtaldi. Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirishimiz hamda inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimiz alohida ta'kidlandi.

O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari haqida so'z borganda, xususan:

mamlakatimizda gender siyosatini qat'iy davom ettirish;

bu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish, shuningdek xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish;

BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini tashkil etish;

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;

BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish;

Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda global forum o'tkazish;

o'qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga O'zbekiston o'z hissasini qo'shishi;

mamlakatimizda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish choralarini ko'rish tashabbuslari ilgari surilganini qayd etish zarur.

Prezidentimiz xalqaro forum ishtirokchilari e'tiborini mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslar ishlab chiqilayotganiga qaratdi. Bu kodekslardan biri – O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga, ikkinchisi esa so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga xizmat qilishi lozim.

O'zbekiston Prezidenti BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 3 ta taklif bilan chiqdi. Birinchi taklif: Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish; ikkinchi taklif: Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protkolini O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilish; uchinchi taklif: mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida BMTning Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisini mamlakatimizga taklif etish.

Davlatimiz rahbari o'z chiqishida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha so'z yuritdi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, «O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”.

Anjumanda Germaniya tarafidan – Germaniya Federal hukumatining Rossiya, Markaziy Osiyo va “Sharkiy sheriklik” mamlakatlari bilan xamkorlik masalalari bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Yoxann Zaatxoff, F.Ebert jamg'armasi boshqaruvi a'zosi, Germaniya Federativ Respublikasining sobiq federal adliya vaziri Xerta Doybler-Gmelin so'zga chiqdi.

Tadbir davomida BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik doirasida O'zbekistonning ustuvor maqsadlari va tashabbuslarini amalga oshirishda Germaniya bilan o'zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo'yicha ishtirokchilar o'rtasida fikr almashinuvlari bo'lib o'tdi.

Videokonferentsiya ishida germaniyalik ekspertlar, davlat idoralari vakillari, hamda F. Ebert jamg'armasi vakillari faol qatnashdilar.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar, jamoat tashkilotlari, OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech