O'ZBEKISTON DUNYODA INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISHGA E'TIBOR QARATMOQDA

Hind xalqining ulug' farzandi Mahatma Gandining "Agar dunyoni o'zgartirmoqchi bo'lsangiz, o'zingizni o'zgartiring" degan so'zlari bejiz emas. Inson huquqlari sohasida eng ko'p tanqid qilingan davlatlardan – qisqa muddatda boshqalarga o'rnak bo'ladigan davlat darajasiga erishgan O'zbekiston bunga yaqqol misol bo'la bo'ladi.

Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xizmatlari beqiyosligi dunyo hamjamiyati tomonidan ham yuksak e'tirof etilmoqda. Shu ma'noda, inson huquqlarini targ'ib qilish va himoya qilishga sodiqligimiz belgisi sifatida mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga o'z nomzodini qo'ydi.

2020 yil 13 oktyabrda Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan saylovlarda BMT Bosh Assambleyasi delegatlari uch yillik muddatga BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashining 15 nafar yangi a'zosini saylashdi. Kengashning ana shu yangi a'zolari 2021 yil 1 yanvardan o'z faoliyatini amalga oshira boshladi.

Milliy davlatchiligimiz tarixida birinchi marta O'zbekiston ushbu nufuzli Kengash a'zoligiga saylandi. BMTga a'zo 193 davlatdan 169 tasi mamlakatimiz uchun ovoz berdi.

Dunyo bo'ylab bu sohadagi vaziyatni kuzatib boruvchi BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi davlat rahbarlariga o'z tavsiyalarini beradi. Ushbu xalqaro organning a'zosi bo'lgan har bir mamlakat bu yo'nalishda birinchi navbatda o'zi namuna bo'lishi kerak.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan va BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga qo'shilgan O'zbekiston zarur majburiyatlarning mas'uliyatli bajarilishiga jiddiy yondashmoqda.

Davlatimiz rahbari 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida muhim xalqaro tashabbuslarni e'lon qilgandi. Jumladan, Osiyo kit'asida yuzaga kelayotgan inson huquqlari bo'yicha muammolarni muhokama qilish hamda yechimini topish uchun qulay maydon bo'lib xizmat qiladigan “Inson huquqlari bo'yicha doimiy Samarqand forumi”ni tashkil etish va dunyo yoshlarining huquqlarini mustahkam qalqon bo'lib himoya qiladigan BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni ilgari surgandi.

2018 yil 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi bag'ishlangan Osiyo forumi bo'lib o'tdi. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 20 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari va ekspertlar ishtirok etdi. Forum yakunida qabul qilingan Inson huquqlari to'g'risidagi Samarqand Deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2019 yil 6 fevraldagi 73-sessiyaning rasmiy hujjati sifatida tasdiqlandi.

2020 yil 12-13 avgust kunlari "Yoshlar 2020: Global hamjihatlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari" mavzuidagi navbatdagi Samarqand veb-forumi bo'lib o'tdi. Shu nomdagi Samarqand rezolyutsiyasi ham BMT rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi.

O'zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchta rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi. Jumladan, 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan "Ta'lim va diniy bag'rikenglik" maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Loyihasi O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va juda qisqa vaqt ichida qabul qilingan hujjat BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlandi. Hujjatga Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi mintaqalari, Osiyo, Afrika qit'alarining 50 dan ortiq davlati mualliflik qilgan bo'lib, bu O'zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e'tirof etilganidan dalolat beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi ishtiroki doirasida O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish bo'yicha qator tashabbuslar, jumladan, inson huquqlari sohasidagi quyidagi takliflar ilgari surildi:

- BMT homiyligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari bo'yicha xalqaro kodeksni ishlab chiqish;

- BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish to'g'risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish.

2021 yil 22 fevralda O'zbekiston Respublikasi tarixida birinchi marta Prezidentimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida ishtirok etib, birinchi bo'lib so'zga chiqdi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlari, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasida O'zbekistonning asosiy ish yo'nalishlari haqida batafsil so'z yuritdi. Yurtboshimiz tomonidan O'zbekiston va BMT o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishning quyidagi yangi yo'nalishlari belgilab berildi:

- salomatlik huquqini ta'minlash;

- gender tengligi;

- nogironlarning huquqlarini himoya qilish;

- yoshlar huquqlarini himoya qilish;

- inson huquqlari sohasidagi ta'limni rivojlantirish;

- sudlar mustaqilligini mustahkamlash;

- qiynoqlarga qarshi kurash;

- inson huquqlari sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish.

Davlatimiz rahbari har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, mavjud muammolar va ularni hal yetish yo'llarining barcha mexanizmlarini amalda qamrab olgan global, mintaqaviy va milliy miqyosdagi bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Shunday qilib, davlatimizning BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanishi, shubhasiz, jahon hamjamiyatining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga mustahkam ishonchi hamda Prezidentimizning oqilona siyosatining yuksak e'tirofi belgisidir.

Farida Haqberdieva,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslar
murojaatlari bilan
ishlash bo'limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech