21 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining kichik majlislar zalida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiyasini tashkil etish to'g'risida”gi farmoyishida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, O'zbekistonning N`yu-York, Parij va Jeneva shaharlarida joylashgan BMT, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya rahbari – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, inson huquqlari sohasidagi ta'lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag'batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta'minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumki, 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi barcha sektorlarda inson huquqlari bo'yicha ta'lim dasturlarini amalga oshirishga ko'maklashish maqsadida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturini e'lon qildi.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasidagi milliy sa'y-harakatlarni muayyan sohalar va muammolarga yo'naltirishga qaratilgan bo'lib, quyidagi bosqichlardan iborat:
birinchi bosqichda – 2005-2009 yillarda boshlang'ich va o'rta ta'limda inson huquqlari sohasida ta'limni joriy etishga;
ikkinchi bosqichda – 2010-2014 yillarda inson huquqlari sohasidagi ta'limni oliy ta'lim tizimi, pedagog kadrlarni malakasini oshirish dasturlari, davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiy xizmatchilar o'rtasida joriy etishga;
uchinchi bosqichda – 2015-2019 yillarda inson huquqlari sohasida ommaviy axborot vositalari xodimlarini tayyorlashga alohida e'tibor qaratildi;
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichida – 2020-2024 yillarda esa inson huquqlari sohasidagi ta'lim dasturining davlatlar va tegishli manfaatdor tashkilotlar avvalgi uch bosqichni amalga oshirish uchun sa'y-harakatlarini faollashtirishga da'vat etilmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturini amalga oshirishning yangi bosqichi doirasida:
birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o'qitish va tarbiyalash;
ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e'tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o'zaro aloqalar o'rnatish;
uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'limni tashkil etish;
to'rtinchidan, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida tegishli tadqiqotlar o'tkazish, baholash, ilg'or tajriba va olingan saboqlar bilan o'rtoqlashish ko'zda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishida Milliy komissiyaga bir qator vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, bir oy muddatda xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda O'zbekiston jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish lozim.
Yig'ilishda Milliy komissiya a'zolari va ma'sul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha o'z taklif-mulohazalarini bildirdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2021
- Ko'rishlar: 3679
- Chop etish