2021 yil 1 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga tashrif buyurdi.
Bu yerda BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov bilan uchrashdi.
Ma’lumki, terrorizmga qarshi kurash sharoitida odil sudlovning kafolatlanishi muhim ahamiyatga ega. Odil sudlov huquqi inson huquqlari va qonun ustuvorligi ta’minlanishining asosiy kafolatlaridan biridir.
O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab shartnomalariga qo‘shilgan, jumladan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 14-moddasida belgilanganidek, “Barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir. Har bir kishi unga qo‘yilayotgan har qanday jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga muvofiq tuzilgan nufuzli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega”.
Bundan tashqari, bu borada mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. O‘zbekiston sud tizimi ana shu huquqiy negiz va Konstitutsiya talablari asosida mustaqil faoliyat yuritadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.12.2021
- Ko'rishlar: 3362
- Chop etish