O'zbekistonda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda

8 iyun kuni o'z ishini boshlagan ikki kunlik onlayn seminarda O'zbekistonning xotin-qizlarni rag'batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi taqdim etildi. "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini samarali amalga oshirishga bag'ishlangan anjuman YeXHT Kotibiyati tomonidan tashkil etildi.

Ushbu seminar Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Janubi-Sharqiy Yevropa va Janubiy Kavkaz ekspertlari uchun o'tkazilmoqda. Anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o'rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi va mamlakatimizning xotin-qizlarni rag'batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi haqida ma'lumot berdi.

D.Muratova ta'kidlaganidek, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etishlariga ko'maklashish muhim ahamiyatga ega. Ayollarning barcha darajalarda qarorlar qabul qilish jarayonlarida to'liq va sezilarli ishtirok etishi jamiyatlarning yanada tinch hamda farovon bo'lishiga xizmat qiladi. Shuning uchun xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O'zbekistonda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha  Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

"Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini samarali amalga oshirishning vositalari va strategiyalari" mavzuidagi seminar doirasida ayni maqsadga, jumladan Milliy harakatlar rejalari vositasida erishish istiqbollari keng muhokama qilinmoqda.

Tadbirga BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar rejasini yoki gender tenglik va xotin-qizlar huquqlari masalalari bo'yicha boshqa milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etishga mas'ul vazirlik va idoralar vakillari taklif etilgan. Ishtirokchilar orasida fuqarolik jamiyati vakillari va faol xotin-qizlar ham bor.

Muhokmalardan maqsad – "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini ilgarii surish bo'yicha mintaqaviy va submintaqaviy ustuvor yo'nalishlarni aniqlashdir. Shuningdek, YeXHT doirasida ekspertlarning bu boradagi bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash ko'zda tutilgan.

Tadbirga "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" bo'yicha Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish yuzasidan avvalgi seminarlarda ishtirok etgan Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon, Bosniya va Gertsegovina, Gruziya, Kozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Moldova, Mongoliya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Turkmaniston, Tojikiston, Ukraina va O'zbekiston vakillari taklif etilgan.

Anjumanda samarador Milliy harakatlar rejalari ishlab chiqish bo'yicha ko'nikmalarni oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta'minlash, shuningdek BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini gender tenglikka doir boshqa hujjatlar, xususan, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamda mamlakatning gender tenglikni ta'minlash bo'yicha strategiya va rejalariga  uyg'unlashtirish borasida erishilgan yutuqlarni tahlil etmoqda.  Mavjud muammolar ham atroflicha ko'rib chiqilmoqda.

Eng muhimi, seminarda YeXHTga  a'zo davlatlarning  BMT Xavfsizlik kengashi 1325-Rezolyutsiyasini implementatsiya qilish borasidagi tajribasi batafsil muhokama etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati

Powered by GSpeech