Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti hamkorligida «O'zbekiston Respublikasida Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturini amalga oshirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, Milliy universitet va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz mas'ullari, professor-o'qituvchilar hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari koordinatori, mamlakatimizdagi turli vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu davra suhbati O'zbekistonda birinchi marta o'tkazilib, undan maqsad irqchilik, irqiy diskriminatsiya, ksenofobiya va ular bilan bog'liq toqatsizlik bilan kurashish bo'yicha aniq chora-tadbirlarga bag'ishlangan Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi tavsiyalarini O'zbekistonda amalga oshirilishi hamda millatlararo munosabatlar masalalarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.
Davra suhbatida bugungi kunda mamlakatimizda turli millat va elat vakillariga davlatimiz tomonidan berilgan keng imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar va g'amxo'rlik hamda e'tibor ko'rsatilayotgani ta'kidlandi. Tadbir davomida Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi xalqaro hamjamiyatni milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda irqchilikka qarshi kurashishga chaqiradigan xalqaro hujjatlardan biri ekanligi va uni o'rganish, jamiyatga tatbiq etish “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning maqsad va vazifalariga ham to'la mos kelishi qayd etildi.
Mazkur deklaratsiya va Harakatlar dasturi Qo'mita tomonidan batafsil o'rganilib, bu bo'yicha xalqaro va milliy tajriba soha ekspertlari bilan birgalikda ko'rib chiqilayotganligi ma'lum qilindi.
YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori, janob P`er Fon Arks O'zbekiston tarixan turli xil konfessiyalar va etnik guruhlar birgalikda tinch-totuv faoliyat olib borayotgan dunyodagi sanoqli mamlakatlardan biri ekanligini va mamlakatning hozirgi rahbariyati buni yanada yuqori darajada ta'minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etayotganligidan mamnunligini bildirdi.
– Durban deklaratsiyasi bu umumjahon hujjatlaridan biri hisoblanadi va bu hujjat aynan millatlararo do'stona munosabatlarni rivojlantirishga olib keladi, – dedi P`er Fon Arks. – Deklaratsiyada qatnashayotgan har bir mamlakat, ayniqsa Markaziy Osiyodagi mamlakatlar o'ziga xos madaniyat, tarixga ega. Masalan, O'zbekistonda ham bir necha millat va elatlar yashaydi. Ularning tili va madaniyati har xil bo'lgani uchun bu davlatlar o'zaro bilimi va tajribasi bilan almashishda aynan Durban deklaratsiyasi orqali bu aloqalarni yo'lga qo'yish mumkin. Bu munosabatlar har bir mamlakatda tinchlik-totuvlikka xizmat qiladi. Bundan tashqari, har bir mamlakatning fuqarolari o'zlarining millati, dini va irqidan qat'iy nazar barchani birdek hurmat qilishga olib keladi.
Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimi O.Bobamatov “O'zbekistonda irqiy kamsitishga yo'l qo'ymaslik masalalari” mavzuidagi ma'ruzasida prokuratura organlarining o'rni va ishtiroki bo'yicha ma'lumot berdi.
BMTning Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasi unga a'zo davlatlarni Durban deklaratsiyasi va irqchilikka, irqiy kamsitish, ksenofobiya va u bilan bog'liq toqatsizliklarga qarshi kurash bo'yicha Butunjahon konferentsiyasida qabul qilingan Harakatlar dasturi O'zbekistonda huquq organlari tomonidan ham amalda ijrosi ta'minlanib kelinayotganligi e'tirof etildi.
Davra suhbati do'stona ruhda o'tib, ishtirokchilar kelgusida ham bunday uchrashuvlarni muntazam o'tkazish taklifini berdi.
– Bugungi globallashuv jarayonida butun dunyoda millatlararo munosabatlar, o'zaro do'stlik rishtalarini bog'lash, davlatlarda tinchlik va totuvlikni ta'minlash kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo'lib qolmoqda, – dedi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi bosh mutaxassisi Otabek
Alimardonov.- O'zbekistonda tarixan millatlar va dinlar o'rtasida bag'rikenglik siyosati o'zining haqiqiy ma'nodagi aksini topgani e'tiborga molikdir.
N.Usmonova, O'zA
- Qo'shildi: 02.07.2021
- Ko'rishlar: 4118
- Chop etish