O‘zbekistonda yashovchi afrikaliklar: huquqlar va qonun ustuvorligi

2021 yil 1 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va uning viloyatlardagi bo‘limlari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Omudsman) kotibiyati xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati 2020 yil 15 oktyabrda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘ninchi – O‘n ikkinchi davriy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 – 2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida o‘tkazildi.

Davra suhbatini o‘tkazishdan maqsad – kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan shaxslarning xalqaro o‘n yilligi to‘g‘risida aholi va davlat xizmatchilarining xabardorligi darajasini oshirishdir. Shuningdek, irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ularga bog‘liq toqatsizlik bilan kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga bag‘ishlangan xalqaro hujjatlar tavsiyalarini mamlakatimizda amalga oshirish hamda millatlararo munosabatlar masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 23 dekabrdagi 68/237-son rezolyusiyasi bilan 2015-2024 yillarni “Kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan shaxslarning xalqaro o‘n yilligi” deb e’lon qilinganligi hamda ularning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa barcha imkoniyatlardan to‘liq bahramand bo‘lishini ta’minlash uchun mahalliy, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqida so‘z bordi. Shuningdek, ularning fuqarolik va siyosiy huquqlarini ta’minlash hamda jamiyat hayotining barcha jabhalariga teng asosda jalb etish lozimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2020 yil holatiga, yurtimizda kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan shaxslarning umumiy soni 3 ming 199 nafarni tashkil qiladi.

Milliy harakatlar rejasidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilangan tashkilotlarning dastlabki umumlashtirilgan tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan shaxslardan, ularning huquqlari buzilishi yoki kamsitilishga duch kelishi bo‘yicha murojaatlar kelib tushmagan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech