O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi mavzusiga bag'ishlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yig'ilishida Inson huquqlari sohasida O'zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining mazkur Parlament komissiyasi hamda Buyuk Britaniyaning «Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi» bilan birgalikda o'tkazilgan tadbirlar yakuni to'g'risidagi axboroti eshitildi.

Parlament quyi palatasi ma'lumotiga ko'ra, Parlament komissiyasi a'zolari uchun Buyuk Britaniyaning «Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi» nodavlat tashkiloti tomonidan 2020-2021 yillarda inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha jami 5 ta onlayn-seminar hamda 2 ta xalqaro parlament forumi tashkil etilgan.

Ushbu xalqaro tadbirlarda BMT, Parlamentlararo Ittifoq va boshqa xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi tavsiyaviy hujjatlari, xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi ilg'or tajribasi, inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda hamda ayollar, yoshlar va bolalar huquqlarini ta'minlashda parlamentning roli bilan bog'liq masalalar muhokama etilgan, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Parlament komissiyasining axboroti Qonunchilik palatasi Kengashi a'zolari tomonidan atroflicha ko'rib chiqildi. Deputatlar inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga ko'maklashish yuzasidan o'z takliflarini bildirdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech