Parlament komissiyasining navbatdagi yig'ilishida qanday masalalar muhokama qilindi?

2021 yil 27 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi.

Unda Parlament komissiyasi tomonidan ikkita masala ko'rib chiqildi.

Parlament komissiyasi raisi A.Saidov yig'ilishni kirish so'zi bilan ocharkan, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo'nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy
hamkorligini yo'lga qo'yish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtalib o'tdi.

Yig'ilishda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo'yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusovaning O'zbekiston Respublikasida bola huquqlari kafolatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish shuningdek, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo'yicha vakili (Bolalar ombudsmani) institutining tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad va vazifalari haqida axboroti eshitildi.

Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, ushbu yo'nalishdagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Milliy qonunchilikni bola huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ko'rilayotir.

Xususan, Bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo'lgan bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimizning 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo'yicha vakili instituti ta'sis etildi.

Eshituv davomida komissiya a'zolari tomonidan yangi tashkil etilgan institut o'z oldiga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, uning sog'lom turmush tarzini ta'minlash, bolaning ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lishining oldini olish choralarini ko'rish, bolalar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini, shuningdek, ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish kabi ustuvor vazifalarga e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.

Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining Buyuk Britaniyaning Global hamkorlik boshqaruv jamg'armasi “Global Partners Governance Foundation” (GPGF) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikni davom ettirish masalasi ham muhokama markazida bo'ldi.

Aytish kerakki, 2020-2021 yillarda Global hamkorlik boshqaruv jamg'armasi va Parlament komissiyasi o'rtasida inson huquqlari va yoshlar huquqlariga bag'ishlangan 5 ta tadbir hamda “inson huquqlari bo'yyicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilishda parlamentlarning roli”, Yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Ikkinchi xalqaro forumlari o'tkazilgan.

Yig'ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli bayonnomasi tuzildi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech