Parlamentning Inson huquqlari bo'yicha komissiyasida

29 iyul kuni Qonunchilik palatasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi. Unda parlament komissiyasi tomonidan oltita masala ko'rib chiqildi, deyiladi parliament.gov.uz sayti xabarida.

Onlayn tarzda tashkil etilgan yig'ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi a'zolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, Xalq ta'lim vaziri o'rinbosari Vahobjon Rajapov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari Dilnoza Muratova hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig'ilishda Parlament komissiyasi raisi A.Saidov inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo'nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo'lga qo'yish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta'minlashga qaratish kabi masalalarga alohida to'xtaldi.

Tadbirda F.Eshmatovaning “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yil birinchi yarim yilligida murojaatlar bilan ishlash faoliyati to'g'risida”gi axboroti eshitildi.

Shuningdek, Xalq ta'lim vaziri o'rinbosari V.Rajapovning “Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish” yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 2-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha axboroti eshitildi.

Videokonferents-aloqa shaklidagi yig'ilishda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari D.Muratova so'zga chiqdi. Parlament a'zolariga Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalarini bajarish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining O'ninchi – O'n ikkinchi davriy ma'ruzalarini ko'rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalari ijrosi doirasida 2020-2022 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar rejasining bajarilishi bo'yicha axborot taqdim etildi.

Kun tartibidagi masalalardan yana biri — “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo'nalishi ijrosi yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi B. Bekmurodov axborot berdi.

Yig'ilishda yakunida Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining tegishli bayonnomasi tuzildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech