Parlament nazorati, BRM bajarilishini monitoring qilish va baholash

2021 yil 24 iyun kuni Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o'z ishini davom ettirdi.

Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga bo'linib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, 5-sessiya ishtirokchilari parlament nazorati, BRM bajarilishini monitoring qilish va baholash masalasini ko'rib chiqdilar.

Sessiyani O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi M.Xodjaeva, elchi, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi rahbari SH.Adrian olib bordi.

Ta'kidlanganidek, O'zbekistonda BRMni amalga oshirish 2017-2021 yillarda milliy Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlarga to'g'ri keldi.

Milliy BRMni kompleks, tarmoq va mintaqaviy rivojlantirish strategiyalari hamda dasturlariga integratsiyalash bo'yicha ish olib borilmoqda, islohotlar samaradorligi 23 ta global reyting (indeks), shu jumladan global BRM reytingi orqali nazorat qilinmoqda.

O'zbekistonda valyuta va soliq, agrar islohotlar boshlandi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik va rasmiy bandlikni rag'batlantirish, shu jumladan yoshlar va ayollar o'rtasida rag'batlantirish, shuningdek investitsiyalar va innovatsiyalar jalb qilish bo'yicha choralar ko'rildi. Tashqi savdoni bosqichma-bosqich erkinlashtirish va JSTga a'zo bo'lish ustida ish olib borilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar o'rtasida barqaror bandlikni ta'minlash, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish masalalari dolzarb masala bo'lib qolmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini targ'ib qilishda O'zbekistonda tashkil etilgan BRMni monitoring qilish bo'yicha Parlament komissiyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati, yoshlar va yetakchi milliy nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda quyidagi mavzular ko'rib chiqildi: “BRM bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish milliy amaliyoti”, “BRM samarali bajarilishini monitoring qilish va baholash vositalari”, “BRMni amalga oshirishda parlament nazorati mexanizmlarini ishlab chiqish”, “BRMga erishishda parlamentning o'zini o'zi baholash usullari: Indoneziya tajribasi”, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament roli – bu jahon amaliyoti”.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech